O'qituvchi himmati
Bu voqea Sudanning Rifiy al-Manoqil deb nomlangan mintaqasida bir muallim bilan bo‘lib o‘tgan.
Bu muallim qizlar ibtidoiy maktabida geometriyadan dars berar ekan. Bir kuni u maktab derazasidan ko‘rinishidan beg‘uborligi ko‘rinib turgan kichkina qizchani ko‘rib qoladi. U onasi pishirib bergan nonlarni sotar ekan. U maktab yoshiga yetgan, ammo oilaviy sharoiti tufayli maktabga bormagan edi. Uning to‘rtta aka-ukasi bo‘lib, otasi vafot etgan ekan. U tirikchilik uchun onasiga yordam berar ekan. Ukalarini maktabga kirishlarini, o‘qishlarini juda-juda istar ekan.
Muallim bir kuni qizlarga geometriyadan bir masalani sharhlab turar ekan, non sotuvchi qizcha maktab derazasidan mo‘raladi. Muallim o‘quvchilarga bir qiyin masalani berib kim to‘g‘ri javob bersa unga mukofot berishini aytdi. Muallimning savoliga hech bir o‘quvchi qiz javob bera olmadi. Shunda non sotuvchi qizcha savolga javob bermoqchi bo‘lib derazadan qo‘lini silkitib: “Ustoz, ustoz!”, deya baqirdi. Muallim unga javob berishiga ruxsat berdi. Qizcha savolga javob berdi. Uning javobi to‘g‘ri edi.
Ana shundan keyin muallim unga e'tibor bera boshladi. U o‘zining xos mablag‘idan maktab uchun unga nima kerak bo‘lsa barchasini olib berdi. U maktab mudiri bilan gaplashib u qizchani imtihon bilan maktabga qabul qilishini so‘radi. Maslahatdan so‘ng uni birdaniga uchinchi sinfga tinglovchi sifatida qabul qilishga qaror qilishdi. U boshqa ustozlar bilan ham gaplashib ularning darsini ham tinglashi uchun ruxsat oldi. Ular bunga rozi bo‘lishdi. Muallim bu qarorni qizchaning onasiga yetkazdi.
Imtihonlar natijasi hayratlanarli bo‘ldi. Qizcha maktab bo‘yicha birinchi o‘rinni oldi. Xullas muallimning e'tibori va yordami bilan qizcha ibtidoiy bosqichdan toki sanaviy bosqichga o‘tgunicha yaxshi o‘qib bordi.
Muallim ishlash uchun Sudanni tark qilishiga va xorijga chiqishiga to‘g‘ri keldi. Qizcha bilan aloqasi uzilib qoldi. Qizchaning ukalaridan biri katta bo‘lib aravada suv sotib uning xarajatlarini qoplab turdi.
Xullas muallim bilan o‘n besh yilcha ko‘rishmadi. Shuncha yil o‘tib muallim yana Sudanga qaytdi. Uning Xartumdagi tibbiyot universitetida bir hamkasbi bor edi. U muallimdan universitetga ishga kelishini talab qildi. Bir kuni muallim universitet oshxonasida turganida bir qiz unga uzoq tikilib qolganini sezdi. Muallim uning nega buncha termulib qolganining sababini bila olmadi. Muallim do‘stidan bu qizni tanish-tanimasligini so‘radi.
Do‘sti dedi:
- Albatta taniyman. Bu qiz tibbiyot fakultetining professori-ku!
Shunda haligi qiz yugurib kelib muallimning qo‘llarini o‘pa ketdi. U ho‘ngrab yig‘lar edi. Oshxonadagi barcha inson ularga qaradi. Hamma muallimni qizning otasi deb o‘yladi. U qiz yig‘idan o‘zini tiyib dedi:
- Ustoz! Meni tanimadingizmi? Men sinib parchalangan bir inson edim. Siz u siniqlardan butun bir insonni bino qildingiz. Mening maktabga kirishimga siz sabab bo‘lgansiz. O‘z molingizdan menga sarf qilgansiz. Bularning barchasi avvalo Allohning fazli, qolaversa sizning e'tiboringiz, insoniyligingiz tufayli bo‘ldi. Men qizingizman!
Muallim aytadi: “Shu onlarda birinchi bor o‘zimni ustoz va inson his qildim!”.
Salomlar bo‘lsin bunaqangi ustozlarga! Bizning qalbimizga hayotning ma'nosini ekkan zotlarga minglab salomlar bo‘lsin!
Doktor Hasson Shamsiy Posho
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022