Kategoriya: Maqolalar

O‘qituvchi mahorati


Iste'foga chiqqan o‘qituvchining o‘rniga boshqa muallima sinfga kirdi. Darsni tushuntirishni boshladi. O‘quvchilarning biridan savol so‘ragandi, boshqa barcha o‘quvchilar kulib yubordi. O‘qituvchi hayron bo‘ldi. Talabalarga qarab o‘rinsiz kulguning siriga yetdi. Sabab: sinfda hamma ahmoq, aqlan noqis hisoblaydigan o‘quvchiga savol bergani ekan. Dars tugab talabalar sinfni tark etadigan mahal, muallima o‘sha o‘quvchini chaqirdi. U bilan xoli qolib, qog‘ozchaga yozilgan ikki qator baytni berdi va:
- Buni ismingni yodlagandek yodlab kel, hech kimga aytma, - dedi.
Keyingi darsda muallima o‘sha ikki qator she'rni doskaga yozdi. Uni ma'nosini, fasohatini tushuntirdi. So‘ng uni o‘chirib:
- Kim hozirgi she'rni yodlab qololdi, - deb so‘radi. Hech kim churq etmadi.

Faqat o‘sha «ikkichi» ming hayajon, iymanish bilan qo‘l ko‘tardi. O‘qituvchi:
- Qani, javob ber, - dedi. U she'rni yodlab berdi. Ustoz uni ko‘p maqtadi, boshqalar o‘rnak olishini aytdi. O‘quvchilar bu holatda hayratga tushar, kimdur kecha kulgani uchun xijolat bo‘lar, kimdur hayrat bilan qarar edi. Bu hol hafta davomida davom etdi. O‘qituvchi u o‘quvchinini maqtardi. O‘quvchilarning u haqidagi tushunchalari o‘zgara boshladi. U bolaning ham ruhiy holati ijobiy tomonga burilish yasadi. O‘ziga bo‘lgan ishonch uyg‘ondi. Oldingi o‘qituvchi hisoblagandek ahmoq emasligini angladi.

O‘quvchilar bilan ilmda musobaqa qila olishini, o‘z ustida ishlasa, a'lochi bo‘la olishini bildi. Nafaqat shu fandan, balki, boshqalaridan ham a'lo baholar ola boshladi. Maktabni yaxshi natijalar bilan bitirib, oliygohga kirdi, so‘ng magistraturani bitirdi. Doktor bo‘lishni ham maqsad qildi.

U o‘qituvchisi haqida yozarkan: «Insonlar ikki toifadirlar: birlari yaxshiliklar kaliti bo‘lsa, boshqasi uning qulfidir. Birlari sizni shijoatlantirib, qo‘lingizdan tutib, umid bag‘ishlaydi. Sizdagi og‘riqni his qiladi. Hayot yo‘lingizni belgilashingizga sabab bo‘ladi.
Boshqalari esa, sizdagi iqtidorni berkitib, yomonliklarni ochadi. U sizni ruhan ezishdan, o‘zgalar oldiga yerga urishdan, azob berishdan rohat tuyadi. Qanchadan - qancha insonlar bunday o‘qituvchilarning qurboniga aylanadi. Butun umri o‘zini tiklolmay o‘tadi»dedi.

 

Gulnora Saydullayeva

Reklama
Reklama