Kategoriya: Hikoyalar

Otalarning farzandga beradigan tarbiyalari ham ikki xil bo‘lar ekan


Otalar ikki xil bo‘ladi:

1. Tarbiya etuvchi otalar. Ular har kuni tarbiya yoki axloq asoslarini farzandlariga uqtirib boradilar. Ular farzandlarining xato qilishini kutib o‘tirmasdan to‘g‘ri yo‘lga soladilar. Bunday otalar kam, ammo ularning ta'siri ko‘pdir.

2. Axloq tuzatuvchi otalar. Ular xato sodir bo‘lguncha yuraveradilar, farzandlari xato qilganidan keyingina ahvolni to‘g‘rilaydilar. Ular juda ko‘p, lekin ta'siri oz.

(«Oilam bilan har kun hayot darsini o‘rganamiz» nomli tarbiya kitobidan)

Botir yoshligidan oilada o‘zgacha tarbiya ko‘rdi. Uning sersavol tabiatiga har safar ota-onasi katta odamlardek tushuntirib berishardi. Ayniqsa to‘rt yoshida bo‘lib o‘tkan voqea hech esidan chiqmaydi. Bir kuni televizorda boshlangan “Vremya” ko‘rsatuvida Moskva vaqti bilan devorida osilgan soatning bir hil emasligini payqab qolganida dadasi kosa, piyola va kichkana qopqoqlarni to‘nkarib qo‘yib o‘ziga xos kichkina galaktikani hosil qilgan va vaqtlar farqini tushuntirib bergan edi. Bunda kosani ushlab olgan dadasi atrofida piyola bilan onasi, uning atrofida esa qopqoq bilan Botir aylangani toshga o‘yilgan naqshdek bo‘lib qolgan.

Vaqt o‘tib maktabga borganida ham bu qiziquvchanligi hech so‘nmadi. Sinfdosh do‘stlari va ayniqsa amakisining tengdosh o‘g‘li Samandar bilan bir hil katta bo‘layotgan bo‘lsa ham ulardan farqlanib turar edi. Botir bu farqdan har doim ham xursand bo‘lmas edi. Ular kabi kun bo‘yi ko‘chada bo‘lishni, futbol o‘ynashni, soyga cho‘milishga borishni, to‘yga chiqishni, ramazon oyida uyma-uy ramazon qo‘shig‘ini aytishni istar, ammo bu ishlarni qilib ota-onasini xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqar edi. Ayniqsa unga hech qachon qattiq gapirmagan va qo‘lini tekkizmagan dadasining “o‘g‘lim, rostdan ham sen shu ishni qildingmi?” degan savoli yangrashidan cho‘chir edi. Bu bilan bolalar qiladigan bu ishlardan uzoq bo‘lgan degan xulosaga kelish kerak emas. U ham bolalar kabi futbol o‘ynar va soyga cho‘milishga borar, ammo belgilangan vaqtda uyida bo‘lar edi. Katta farqi, u hech qachon tunda bo‘ladigan mahalladagi to‘yga chiqmas edi. Bir kuni Samandar bilan qo‘shni ko‘chada bo‘layotgan to‘yga bordi. Odamlar to‘yda baqirishlari, o‘ynashlari unga g‘alati ko‘rinar, ayniqsa qorong‘uda sigaretlari uchi qizarishi va birozdan so‘ng og‘izlaridan pag‘a-pag‘a tutun chiqishi uni hayratga solar edi. Shu vaqt Samandar bir-ikki marta dadasining sigareti qoldiqlarini chekib ko‘rganini maqtanib qoldi. Tabiatan qiziquvchan Botirda ham sigaret chekib ko‘rish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Ayniqsa ichiga havo tortganida unga qorong‘uda sigaretning uchi qizarishi qiziq ko‘rinar edi. Tilagini Samandarga aytdi. Samandar bir pastda yarim chekilgan sigaret qoldig‘ini qaerdandir topib keldi.

Ular to‘yxonadan chiqib chekkaroqda o‘tib chekishni boshlashdi. Tajribali Samandar og‘zidan tutun chiqarishning usullarini ko‘rsatib maqtandi. Undan sigaretni olib birinchi bor chekib ko‘rgan Botir yo‘taldan bo‘g‘ilib qolay dedi. Buni ko‘rgan qornini ushlab kulayotgan Samandar birozdan so‘ng kulgusi og‘zida qoldi. Chunki ular jinoyat ostida qo‘lga tushishgan edi. Ikkalasini qo‘lidan ushlab olgan qo‘shnisi ularni uyiga qarab tortib ketdi. Birinchi Botirning uyiga kirib, ko‘rganini dadasiga aytib bir qo‘lida Samandar bilan chiqib ketdi. Supada ishdan charchab kelib choy ichib o‘tirgan dadasi Botirga yomon qarab qo‘ydi, ammo indamadi. Amakilari yon qo‘shni bo‘lgani uchun birozdan so‘ng ularning hovlisidan Samandarning yig‘i ovozi eshitildi. Amakisi Samandarni qattiq ovozda so‘kib urar edi. Buni eshitgan Botirning dami ichiga tushib ketib, birinchi bor tayoq yeyishga o‘zini ruhan tayyorlay boshladi.

- Rostdan ham sigaret chekdingmi, o‘g‘lim? Men chekmaydigan narsani qanday og‘zingga solding? — degan dadasining gapi uni o‘ziga kelishiga yordam berdi. Ammo, indamay boshini ham qilib o‘tiraverdi.

- Men ham amaking Samandarni urgandek seni urishimni istaysanmi?

-…

- Ishdan charchab kelganimda qo‘shnilarning shunaqa “suyunchi”sini eshitish yoqimli deb o‘ylaysanmi? Bilasan seni shu kungacha urmaganman, so‘kmaganman. Qani endi o‘zing ayt, nima qilay?

-… — bu savollardan Botir yer yorilsa-yu, yerga kirib ketishga rozi edi.

- Mayli, bor ko‘mirxonaga kirda o‘sha yerda qilgan ishingni yaxshilab o‘yla. — degan dadasining jiddiy gapidan so‘ng Botir sekin o‘rnidan turib, darvozaxona yaqinidagi ko‘mirxona kirib ketdi.

Ko‘mirxona chirog‘ini yoqib eshikni yopdi va nima qilishini bilmay turaverdi. Birozdan so‘ng yaqinlashayotgan oyoq ovozidan yuragi tez urishni boshladi, ammo eshik ochilmadi. Aksincha sirtki tomondan qulflab qo‘yildi. Botir bir burchakda yotgan gazetani olib yarmini yirtdi va ko‘mir bo‘lagi ustiga qo‘yib o‘tirib oldi. Ikkinchi bo‘lagini esa o‘qishni boshladi. Gazetani o‘qib bo‘lganida, mahallada to‘y ham tugab odamlar to‘ydan baqir-chaqir qilib qaytib ketishdi. Ayb o‘zida bo‘lgan Botir eshikni taqillatishga ham, baqirishga ham qo‘rqar edi. Orada hovlida hamma narsani yig‘ishtirib yurgan onasining sharpasini eshitdi, ammo ovoz chiqarib chaqirishga botinaolmadi. Gazetani yana ikki-uch marta o‘qib chiqqan Botirning uyqusi kelishni boshladi, ammo uxlashga imkoni yo‘q edi. Shu ko‘yda qancha o‘tirganini eslayolmaydi, ammo ko‘chada tong otishni boshlaganini xo‘rozlarning qichqiriqlaridan tushundi. Hovlida yana oyoq sharpalari eshitildi va biroz o‘tib dadasi darvozadan chiqib ishga ketdi. Shunda ham Botir yordam so‘rashga botinaolmadi. Besh daqiqalardan keyin ko‘cha tomondan shoshib kelgan oyoq ovozlari ko‘mirxona eshigi oldida to‘xtadi va eshik ochildi. Dadasi unga bir bosh qarab chiqib indamay yana shoshib ketdi.

Aftidan dadasi kechasi uyda televizor ko‘rib o‘tirib uxlab qolgan va Botirga bergan jazosi esidan chiqqan. Ertalab soat 05:30 larda ishga ketarkan, kecha to‘y bo‘lgan uy yonidan o‘tgandagina esiga tushgan va yo‘ldan qaytib kelgan edi.

Botir uyga kirib o‘z o‘rniga yotdi. Hech narsadan xabari yo‘q onasi uni har doimgidek soat 07:00 da uyg‘otdi. Har kuni qiladigan ishlarini qilib, nonushtadan so‘ng birga maktabga ketishdi. Uylaridan maktabgacha 15 daqiqalik yo‘l davomida har kuni onasiga she'r va matematik misollarga javob berib ketadigan Botir bugun adashavergani uchun dakki eshitib ketdi. Maktabda birinchi soatda arang o‘tirgan Botir, ikkinchi soatda bo‘ladigan botanika darsida o‘zini tutaolmadi. O‘qituvchisining ovozlari unga alla aytayotgandek bo‘laverdi va boshini partaga qo‘yib uxlab qoldi. Qattiq qo‘l o‘qituvchi birinchi partada o‘tirgan Botirni bir daqiqa ham uxlatmadi va urishib tikka turg‘izib, qo‘liga stul ko‘targ‘izib qo‘ydi. Tuni bilan uxlamagan Botir tikka oyoqda turib ham mizg‘iy boshladi va qo‘lidan stul tushib ketdi. Bir tomondan sinfdoshlarining kulgusi, ikkinchi tomondan o‘qituvchiining “direktorning nevarasi, o‘qituvchining bolasi ham shunaqa bo‘ladimi?” deb urishishi unga qattiq tegdi va sumkasini qo‘liga olib darsdan chiqib ketdi. Birinchi marta o‘qituvchilariga isyon qildi. O‘qituvchi ham buni kutmagani aniq edi.

To‘g‘ri uyiga kelib uxlab qolgan Botir, maktabda o‘qituvchilar xonasida botanika o‘qituvchisi onasini qanchalar izza qilganini bilmas edi. Botirning orqasidan birinchi bor gap eshitgan onasi uyga xafa bo‘lib keldi va ishlar qilinmaganini ko‘rib yana jahli chiqdi. Botirni uyqudan uyg‘otib rosa urishdi va negadir o‘zi ham rosa yig‘ladi. Balki Botirdan umidi katta bo‘lgan ona ham bezori bola bo‘lib ketishidan qo‘rqqan bo‘lsa kerak. Kechki ovqatdan so‘ng maktabda bo‘lgan voqealarni dadasiga aytib bergan onasi negadir yana yig‘lab oldi. Bundan Botirning ko‘ngli yana g‘ashlandi. Onasi dasturxonni yig‘ib chiqib ketganidan so‘ng esa dadasi aytgan bir og‘iz gapi uni hech qachon esidan chiqmaydigan bo‘ldi:

- O‘g‘lim Botir. Meni yaxshilab eshit. Agar istasang sigaret chekishing mumkin. Men senga hech qachon chekmagin demayman. Ammo bilib qo‘ygin buning ortidan keladigan ko‘ngilsizlik va kasalliklar faqat o‘zingga emas, yon-atrofingdagilarga, ota-onangga ham keladi. Mana kecha bitta sigaret chekkaning uchun bugun nimalar bo‘lganini bir o‘zing o‘ylagin. O‘zing maktabda qancha gap eshitding, darsdan qochib ketding, kunduzi o‘ynamading, dars qilmading, onangni maktabda izza qilishdi, uyda sen yana xafa qilding. Meni ham xafa qilding. Shu senga yarashadimi? Agar shu senga yoqsa, bemalol sigaret chekaver. Men onangga o‘zim aytib tushuntiraman. Bor endi kirib yot joyingga.

Shundan so‘ng Botir umuman sigaret chekib ko‘rmadi. Chekishni taklif qilishganida esa har safar dadasining gaplari qulog‘i ostida eshitilgandek bo‘lar edi.

Samandar esa sigaret chekkani uchun yana 2–3 marta tarbiya tayog‘ini tatib ko‘rdi, ammo “ursang eti qotadi” deganlaridek bu unga ta'sir qilmadi. Katta bo‘lganida ham sigaret chekkaninin ko‘rgan Botirning hayolidan bir savol o‘tir edi.

“Otalarning farzandga beradigan tarbiyalari ham ikki hil bo‘lar ekanda, men dadamdek bo‘larmikanman?”

Reklama
Reklama