Kategoriya: Hikoyalar
Otalarning ko‘ngli ko'chada
Afsuslarkim, ayrim otalarning ko‘ngillari ko‘chaga bog‘langan. Ishga, ulfatga muhabbat oilaga bo‘lgan muhabbatdan ortiq. Choyxonalarda, restoranlarda, turli ziyofatlarda yayrashga umrimizning hisobsiz soatlarini behuda sarflaymiz. Bola tarbiyasiga esa vaqtni qizg‘onamiz. Sariq chaqaga arzimas matohlarimiz farzandlarimizga nisbatan qiymatliroq. Piyolani sindirib qo‘ysa ayamay uramiz, guldonni sindirsa do‘pposlaymiz. Agar aka ukasini ursa yana jazolaymiz. Holbuki, kattaning kichik, kuchlining kuchsiz ustidan hokim ekanini o‘zimizning aynan shu harakatimiz bilan o‘rgatyapmiz: gapga kirmagan kichikni yoki kuchsizni urish mumkin! Bola sho‘xlik qilsa ona “hali qarab tur, dadanga aytaman”, deb qo‘rqitadi. Ota kelganda bola yomonlanadi. Aynan shu holatda ota-bola orasiga dushmanlik urug‘i sochilganini fahm etmaydi. Otani jazolovchi inson sifatida ko‘rsatish o‘rniga ota kelganda uni izzat-hurmat bilan kutib olishni o‘rgatish afzalroq emasmikin? Keling, hayolimizda bir ma'naviyat tarozisini tikaylik-da. Bir pallasiga o‘g‘lining o‘qishi va tarbiyasi bilan qiziqib necha marta maktabga borganimizni, ikkinchi pallasiga choyxonadagi, restorandagi ulfatchiliklarimizni qo‘yaylik. Menga bir pallada chivin, ikkinchisida fil turganga o‘xshab ko‘rinyapti. Yuz minglarcha otalardan “Nima uchun ota-onalar majlisiga bormaysiz”, deb so‘ralsa, bitta javob olinadi: vaqt yo‘q! Ulfatchilikdan ortmaydigan ota uchun eng to‘g‘ri javob shu! Qariganida bolasining emas o‘sha ulfatchiliklarining “rohati”ni ko‘radi.
Tohir Malik
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022