Kategoriya: Hikoyalar

Oxiri baxayr hikoya


Qadimgi Xitoyda bir qiz turmushga chiqdi. Kelinlik hayotining ilk kunlaridanoq eri va qaynonasining xizmatiga kirishdi. Biroq nimagadir eri uni tez-tez tergar, ba'zida ayblarini yuziga solardi. Ayol bora-bora bu holdan bezdi, undan qutulish payiga tushdi. O‘ylay-o‘ylay giyohlar bilan davolaydigan tabibnikiga yo‘l oldi. U otasining eski tanishi edi. Ayol tabibga dilini yordi:

– Men erim bilan ortiq yashayolmayman. Jonim hiqildog‘imga keldi, to‘yib ketdim. Sizning yordamingizga muhtojman. Bir ilojini toping, istagan pulingizni beraman...

Giyohchi-tabib uning maqsadini tushundi-yu, lekin o‘zini go‘llikka solib so‘radi:

– Senga qanday yordam berishim mumkin?

– Kuchli zahar kerak. O‘sha bilan erimni zaharlayman va barcha alam-iztiroblardan qutulaman.

Giyohchi uzoq o‘yladi, so‘ng:

– Bo‘pti, senga yordam beraman. Lekin ikkita narsani yaxshilab tushunib ol. Birinchisi, sen eringni birdaniga zaharlamasliging kerak. Yo‘qsa, nima bo‘lganini odamlar tezda payqab oladi. Men senga eringni asta-sekinlik bilan zaharlaydigan bir giyoh beraman. U xuddi o‘z ajali bilan o‘lgandek bo‘ladi, hech kim hech narsa sezmaydi. Ikkinchisi, shubha-gumonlardan nari bo‘lish uchun g‘azabingni yashirishing shart. Eringni hurmatlashing, sevishing, so‘zini ikki qilmasliging va sabrli bo‘lishing kerak. Agar shuni uddalay olsang, u o‘lgan payti hech kim sendan shubhalanmaydi.

Qiz aytilganlarga rozi bo‘ldi. Har kuni erining ovqatiga giyohlardan ozgina-ozgina qo‘sha boshladi...


Xotinining muomala-munosabati yaxshi tomonga o‘zgargani, muloyimlashganini ko‘rgan er unga mehr qo‘ydi, uni tergamaydigan, mayda-chuyda kamchiliklariga ko‘z yumadigan bo‘ldi. Bir kuni yuragi hayajonga to‘lib: “Sen dunyodagi eng yaxshi rafiqasan. Yigitligimda xuddi shunday turmush o‘rtog‘im bo‘lishini orzu qilgandim”, deb dil izhori qildi.

Qaynona-kelin o‘rtasidagi munosabatlar ham yaxshilandi. Yarim yil o‘tar-o‘tmas ular xuddi ona-boladay inoq bo‘lib ketishdi.


Shunday kunlarning birida qiz giyohchining huzuriga keldi. Unga yalinib-yolvora boshladi:

– Sizdan o‘tinib so‘rayman, erimni qut­qaring. Anavi zaharning kuchini kesadigan biror narsa bering. U kishining o‘lishini istamayman. Erimni yaxshi ko‘raman, u dunyodagi eng yaxshi umr yo‘ldoshi.

Bu gapdan tabibning yuziga tabassum yugurdi. So‘ng qizning ko‘nglini bir dunyo quvonchga to‘ldirgan mana bu gaplarni aytdi:

– Xavotirlanma, qizim. Men senga hech qanaqa zahar berganim yo‘q edi. U giyohlar shunchaki ziravor, xolos. Zahar aslida sening miyangda, ongingda edi. Mana, undan qutulibsan. Seni tabriklayman. Qo‘shganing bilan qo‘sha qari, baxtli bo‘l, qizim.

Reklama
Reklama