Kategoriya: Maqolalar
Prezident maktablarida o'qish qancha turadi?
PREZIDENT MAKTABLARIDA OʻQISH QANCHA TURADI?
Prezident maktablarida umumiy o‘rta ta'lim olish BEPUL amalga oshiriladi.
Savol: Toshkent shahridanman, farzandim 7-sinfda oʻqiydi. Prezident maktabiga qoʻysam boʻladimi?
Javob. Afsuski, yoʻq. Chunki, faqat Prezident maktablari ochilgan yilda 5-10-sinf oʻquvchilari qabul qilinadi va keyingi oʻquv yilidan esa 5-sinfga qabul boʻladi. Toshkent shahrida esa Prezident maktabi 2019-yil tashkil etildi.
Agar farzandingiz, 4-sinfda oʻqiyotgan boʻlsa, sizda katta imkoniyat mavjud.
Prezident maktablari qayerlarda ochildi?
Joriy oʻquv yili boshida Prezident maktablari faqat 4 shaharda ochildi:
- Toshkent shahri
- Namangan shahri (Namangan viloyati)
- Xiva shahri (Xorazm viloyati)
- Nukus shahri (Qoraqalpogʻiston Respublikasi).
Kelayotgan oʻquv yilida esa quyidagi viloyatlarda ham Prezident maktablari ochish rejalashtirilgan:
- Buxoro viloyati
- Qashqadaryo viloyati
- Fargʻona viloyati
- Samarqand viloyati
- Jizzax viloyati.
Demak, ushbu viloyatda yashaydiganlar ham farzandini ushbu maktabda oʻqitish imkoniyatiga ega boʻladi.
Prezident maktablari qabul kvotasi
Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi;
birinchi o‘quv yilida Prezident maktablarining har biriga 5-10-sinflarga 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.
Prezident maktabi imtihonlarida qanday savollar tushadi?
Ushbu maktablarga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Prezident maktabi bitiruvchilari qanday imtiyozga ega boʻladi?
Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida, xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.
Prezident maktablarining oddiy maktablardan farqi nimada?
Prezident maktablarida o‘quv jarayoni «STEAM - ta'lim» dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san'at, Mathematics — matematika) bo‘yicha olib boriladi.
Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi.
Ushbu yo‘nalishdagi darslar ingliz tilida olib boriladi.
Prezident maktabiga kirish imtihonlari qanday o‘tdi?
Joriy yilda kirish imtihonlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentda ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Dastlab, saralash imtihonlarida qatnashish uchun 28 452 nafar nomzod ro‘yxatga olindi. Shundan 27 471 nafari imtihonda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. 27119 nafar nomzod esa saralash imtihonlarida ishtirok etdi.
Saralash bosqichi imtihoni natijalariga ko‘ra, 12 mingga yaqin o‘quvchi asosiy imtihonlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Asosiy imtihonlarda bitta o‘ringa da'vogarlar soni 20 kishini tashkil qildi. Imtihon natijalariga ko‘ra, maktabga 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi (har bir sinfda 24 o‘quvchi).
Prezident maktablarida asosiy va dastlabki sinovlar «Cambridge Assessment International Education» mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi.
Prezident maktabida haftada necha kun oʻqiladi?
Prezident maktablari internat sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ya'ni, o‘quvchilar 5 kun davomida maktab hududida (kampusda) yashab, o‘qishadi.
Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uyga olib ketishlari mumkin. Prezident maktabi o‘quvchilari bepul maktab formasi va ovqat bilan ta'minlanadi.
Prezident maktablariga hozirdan hujjat topshirib qoʻysa boʻladimi?
Prezident maktablari toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, qabul boshlanishidan kamida 10 kun oldin e’lon qilinadi.
Hujjatlar bevosita qabul komissiyasiga yoki elektron shaklda ham topshirilishi mumkin boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, 2019-2020 oʻquv yili uchun qabul 1-22-iyun kunlari boʻlib oʻtgan. Katta ehtimol bilan, bu yil ham qabul iyun oyida boʻladi.
Prezident maktablari 1-bosqich imtihonlari haqida
1-bosqichda matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test savollari beriladi.
Belgilangan vazifani bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi.
Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra, qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 kishi hisobidan maksimal talabgorlar 2-bosqichda qatnashadi (masalan – Namangan shahri maktabining har bir sinfiga 480 talabgor (24 o‘rin * 20 talabgor) qatnashishi mumkin).
Prezident maktablari 2-bosqich imtihonlari haqida
Yuqori sinf 6-, 7-, 8-, 9-sinf o‘quvchilari uchun ingliz tilining ahamiyati 40 foiz bo‘lib, tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlar 60%ni tashkil etadi.
Bunday talab qo‘yilganining asosiy sababi, Prezident maktabining yuqori sinf o‘quvchilari xorijlik o‘qituvchilar o‘tadigan STEAM-fanlarni o‘rganish uchun yetarli salohiyatga ega bo‘lishi zarur.
O‘quvchi xohishiga ko‘ra tanqidiy fikrlash va mantiq bo‘yicha imtihonlarni ingliz tilida ham topshirishi mumkin.
Kirish imtihonlari 2-bosqichning natijalariga ko‘ra bir xil ball to‘plagan talabgorlar soni belgilangan qabul kvotasidan ortib ketgan taqdirda, qabul komissiyasi va ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha topshiriqlar beriladi.
Prezident maktabi oʻquvchilari dars kunlari ota-onasi bilan bogʻlana oladimi?
Ha! Bunday imkoniyat rahbariyat tomonidan yaratilgan. Faqat dars jarayonlarining sifatli tashkil etilishida hamda oʻquvchining bilim olish jarayonlariga xalaqit bermaslik maqsadida, koʻpfunksiyali sensorli uyali aloqa vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmay, dars kunlari soat 19:00 dan to 21:00 gacha turli funksiyalari mavjud boʻlmagan, knopkali uyali aloqa vositalaridan foydalanishga ijozat beriladi.
Bu maʼlumot Toshkent shahrida ochilgan Prezident maktabi uchun.
Hozircha boshqa viloyatlardagi holat boʻyicha maʼlumotga ega emasmiz.
Prezident maktabi oʻquvchilari necha mahal ovqatlanadi?
Barcha uchun qiziq maʼlumot: bu maktab tarbiyalanuvchilari bir kunda besh mahal ovqatlantiriladi:
2 mahal nonushta (7:00 va 11:00da)
Tushlik (12:50da)
Yengil tamaddi - Toʻrtlik (16:25da)
Kechki ovqat (19:00da).
Eslatib oʻtamiz, Prezident maktablarida oʻqish va yashash bepul hisoblanadi
Prezident maktabiga kira olmaganlar nima qiladi?
Xalq ta'lim vazirligi prezident maktabiga kira olmagan bir guruh o‘quvchilarga yurtimizdagi boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarda ta'lim olishni tavsiya qildi. Ular ushbu ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilindi.
Shuningdek tayyorlanish uchun o'quv markazlariga murajaat qiling. Algoritm maktabi o'quv markazi onlayn tarzda ham dars o'tishni yo'lga qo'gan.
Murojaat:
https://t.me/Algoritm_maktabi
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022