Kategoriya: Maqolalar

Qadr...


Bir kuni Ustozning yoniga bir yigit keldi va dedi:

— O‘zimni hech narsaga yaramaydigan, bir chaqaga qimmat odamdek his qilyapman, yashagim ham kelmay qoldi. Meni hamma omadsiz, ovsar deydi.

Iltimos, Ustoz, menga yordam bering!

Ustoz yigitga bir nigoh tashladi va shoshib javob qaytardi:

Kechir, hozir judayam bandman, senga yordam berolmayman. Juda muhim ishim bor, — u bir oz o‘ylab, gapida davom etdi: — Lekin menga yordam bersang, men ham senga yordam beraman.

Jonim bilan, Ustoz, — dedi yigit, ichida yana o‘zini kamsitishayotganini o‘ylab.

Yaxshi, — dedi Ustoz va chap jimjilog‘idagi qizil toshli uzugini yechib oldi.

Otga mingin-da, bozorga bor. Qarzimni berishim uchun mana shu uzukni sotishim kerak. Uni qimmatga sotishga harakat qil va aslo tilla tangadan arzoniga sotma! Bo‘l, tezroq jo‘nagin endi!

Yigit uzukni oldi va otga minib bozorga jo‘nadi. Bozorga kelgach, u uzukni savdogarlarga ko‘rsata boshladi.

Lekin ular tilla tanga haqida eshitishlari bilan uzukka qaramay qo‘yishdi. Kimdir uning ustidan kuldi, kimdir esa yuzini burib ketdi va faqat bir qariya savdogargina unga bu uzuk uchun tilla tanga o‘ta qimmat narx ekanligini, uzuk uchun mis tanga, juda oshib ketsa kumush tanga berishlari mumkinligini aytdi.

Qariyaning so‘zlarini eshitgan yigitning kayfiyati tushib ketdi. Ustoz unga uzukni faqat tilla tangaga sotish kerakligini aytgandi. Butun bozorni aylanib, yuzlab savdogarlarga uzukni taklif qilib sotolmagan yigit ortiga qaytdi. U Ustoz oldida boshini egdi.

Ustoz, topshirig‘ingizni bajarolmadim, — dedi u g‘amginlik bilan. — Men uzukni kumush tangaga sotishim mumkin edi, lekin siz faqat tilla tangaga sotishim kerakligini aytdingiz. Uzukning narxi siz aytganchalik emas ekan.

Hozir judayam muhim so‘zni aytding, o‘g‘lim! — dedi Ustoz. — Uzukni sotishdan oldin uning asl bahosini aniqlab olish kerak edi! Uning asl bahosini esa zargar biladi. Zargarning oldiga bor va undan uzukning narxini so‘ra. Lekin u qanday narx aytmasin, uzukni sotmasdan yonimga qaytib kel.

Yigit yana otga mindi va zargarning oldiga yo‘l oldi.

Zargar uzukni uzoq sinchiklab tekshirdi, so‘ng tarozida tortib ko‘rdi va yigitga yuzlandi:

Ustozga aytib qo‘y, hozir bu uzuk uchun ellik sakkiz tilla tanga berishim mumkin. Lekin vaqt bersa, uni yetmish tilla tangaga sotib olaman.

Yetmish tillaga?! — yigit xursand bo‘lib ketdi va zargarga minnatdorchilik bildirib ortiga qaytdi.

Yonimga o‘tir, — dedi Ustoz yigitning xursandlik bilan aytgan gaplaridan so‘ng. — Gapimga quloq sol, o‘g‘lim. Sen mana shu uzuksan. Qimmatbaho va takrorlanmas! Sening asl bahoingni faqatgina haqiqiy mutaxassis bera oladi. Shunday ekan, bozorda duch kelgan kishidan o‘z narxingni so‘rab yurmagin!

Reklama
Reklama