Kategoriya: Hikoyalar
Qilmish qidirmish
Shuhrat aka mashina eshigini ochgan uy xizmatchisini bir turtib yubordi-da, uyiga qarab otildi. O'zini qo'yarga joy topa olmayotgan erkak hadeb hansirar, ko'zlari ola-kula bo'lgan ko'yi baqirardi.
Salima! Salima, dedim!
Hay-hay, sekin! deya ichkari uydan yugurib chiqqan ayol uxlar chog'da ham yaltir-yultir kiyinib olgancha eriga yaqinlashdi.
Nega bir chaqirganda chiqmaysan, a?! dedi Shuhrat aka bo'yinbog'ini bo'shatarkan.
Qani, o'g'il-qizing?
Voy, buncha baqirasiz? Dedi ko'rsatkich barmog'ini labiga bosib «jim» ishorasini qilgan ayol.
Senga bolalar qaerda deb savol berdim?! - dedi jazavaga tushishni boshlagan erkak.
Gapir, haliyam ko'chada tentirab yurishibdimi?! Shuhrat akaning xunobi oshishi bejiz emas edi. Kunora o'g'li tufayli bo'lib turadigan janjallar, ona suti og'zidan ketmagan yoshgina qizining xurmacha qiliqlari erkak yuragiga ancha-muncha tosh cho'ktirib ulgurgan. Igna bilan quduq qaziganday yillar davomida to'plagan obro'-e'tiborini yer bilan yakson qilayotgan farzandlari noboproq chiqqan edi. Mana, bugun ham erkak tanishlaridan o'g'lining bir restoranda ko'rsatgan tomoshasi haqida eshitgan va shu sabab uyi tomon yelday uchib keldi. Shuhrat aka o'zini bosolmas, xotinining avrashlariga qaramay, goh qizining, goh o'g'lining telefon raqamini terardi.Yo'q, bular meni jinni qilmoqchi! Deb erkak qo'l telefonini zarb bilan yaqindagina ta'mirdan chiqqan uy devoriga otdi.
Ikkalasining ham telefoni o'chirilgan!
Uyga kiraylik, dadasi, keyin bafurja…
Sudrayverma, kirmayman! deya baqirdi Shuhrat aka va so'kindi. Jin ursin, ming lanat! Axir soat tungi bir yarim-ku?!
Dadasi, yurishgandir-da
- Hey, menga qara! Xotiniga o'dag'aylagan erkakning ko'zlari endi kosasidan chiqqudek darajada kattalashgandi.
Sen qanday onasan o'zi, o'g'ling-ku, mayli, o'g'il bola, lekin qizing-chi, qizing qaerda yuribdi, a?!
Salima opa jim bo'ldi. «Etib keldi, endi gapirsam aniq uradi. Chindan ham bu yaramaslar qaerda yuribdiykin?». Ayol endi nimadir demoqchi edi hamki, tashqarida mashinaning chiyillab to'xtagan ovozi eshtildi. Mashinaning yoqilgan chiroqlari ochiq darvoza uzra Shuhrat aka bilan Salima opaning yuziga tushgani sabab ular dastlab kim kelganini anglolmay qolishdi. So'ng bahaybat soyalar kichrayib, gandiraklagancha bir-biriga yopishib, bazo'r qadam bosayotgan aka-singillar ekani aniq bo'ldi. Sharof va Bonu ostonadan hatlasharkan, hadeb hiringlashishar, ora-sirada baravar «tis-s-s» deya og'izlarini berkitashardi-da, yana xandon otib kulishardi. Qiz baland poshnali tuflisida qayrilib ketaverar, har yiqilayozganida tag'in kulardi. Sharof ham Bonudan kam qoqilmadi.
Iya, dadajon, oyijon, uxlamadingizmi? G'o'ldirab gapirgan Sharof qarshisida ota-onasini ko'rib, biroz hushyor tortdi-yu, lekin gapirishini o'zgartirolmadi.
Qaerlarda yuribsan, aroqxo'r?! Shuhrat aka shu qadar baqirdiki, asabdan ko'zlari pirpirab ketdi.
O'zing daydiganing yetmaganday singlingni ham.
Uff, dada, nega buncha faryod solasiz? Bonu shu payt oyoqlari chalishib yiqilib tushdi.
Qizim, qizim! Chinqirib yuborgan Salima opa qiziga yaqinlashishga uringandi hamki, Shuhrat aka baquvvat qo'llari bilan ayolini to'xtatdi.
Sen mastmisan?! dedi erkak rafiqasini to'sib turgan holatda qiziga angrayib.
Sen hali… Shuhrat aka gapirolmay qoldi. Zotan, gapirishga hojat ham yo'q. Yerda cho'zilib yotgan qizi o'zini bilmay pishillagancha uxlab qolgandi.
Sharof esa singlisining tepasida «Tur, hey, nega yotvolding!» deya bidillardi.
Shuhrat aka ortiq Salima opani ushlab turolmadi, bunga hafsalasi ham yetmasdi. U bir-bir qadam tashlab ko'chaga chiqdi-da, haydovchisidan kalitni olib, mashina ruliga o'tirdi.
«Nima uchun, qaysi gunohlarim uchun bunday nobakor farzandlarni menga ato qilding, ey, Robbim? Qayerda xato qildim? Tarbiyani to'g'ri berdim, yoshligidan nazorat ostida ushladim. Lekin ular qachon o'zgardi?!».
Erkakning qo'li rulda, ko'zlari hech tugamaydigandek ko'rinadigan yo'lda-yu, biroq xayollari. Hovlida erta tongdan qushlar sayray boshladi. Uy xizmatchilari har tarafga suv purkash, nonushta tayyorlash, bog' va hovlini tozalash bilan ovora. Kechagi dilxiraliklarni unutishni istagan Salima opa garchi qalbida allanechuk kemtiklik, g'ashlik turganiga qaramay barini ortga tashlagan. Ochiq havodagi dasturxon ishtahani ochib yuboruvchi ne'matlarga to'la, hamma narsa taxt. Salima opa xonasidan chiqib kelayotgan farzandlarini ko'rdi-yu, yashnab ketdi.
— Bolajonlarim, ko'zimning nuri, hayotim mazmuni! Ayol ikki farzandining qo'lidan tutib olgan, kechagi voqealarni eslashni ham, eslatishni ham istamaydi. Bonu va Sharofning esa ko'zlari shishgan, yuzi tund, peshonalari bosh og'rig'i sabab tirishgan.
— Bolalarimga muzdek sharbatdan quyib bering, o'zlariga kelishsin.
— Bolalaring zaharni ichsin! Hovli o'rtasidagi oila a'zolari o'tirgan ayvonchaga yaqinlashib kelayotgan Shuhrat aka hayqirdi. Salima opa ham, bolalar ham o'rnidan dast turishdi.
— Dadasi, qo'ying endi, o'tgan ishga salovat.
— O'g'ling ko'chada mushtlashib birinchi marta qamalgan kuni esingdami? — dedi Shuhrat aka xotiniga keskin qararkan.
— «Dadasi, o'tgan ishga salovat», deding, indamadim.
Qizingning o'g'il bola do'stlari uygacha kelishdi, «O'zgaradi» deding, indamadim.
O'g'ling chekishni, ichishni, ko'cha qizlarining ortidan itdek ergashib yurishni boshladi. «Yigitchilik» deding, yana indamadim.
Qizing uydan pul o'g'irladi, yurish-turishi aynidi, «Qo'ying, dadasi, yolg'iz ovunchoqlarimiz» deding, tag'in indamadim!
Shuhrat aka o'z og'zidan chiqayotgan gaplardan, achchiq haqiqatlardan o'zi uyalar, ehtimol, shu sabab ham yuragi sanchishni boshlagandi. Gapida to'xtab qolgan erkakning oyoqlaridan mador qochib, stulga holsiz o'tirdi va chuqur uh tortdi.
— Ammo kecha, qizimizning mast ahvoli… Sharof va Bonuning esa ensasi qotardi.
— Buncha ko'pirtirasiz, dada, ko'ngilxushlikning nimasi yomon?!
— Maraz! — baqirib yubordi o'rnidan turib ketgan Shuhrat aka.
— Sen ham erkakmisan, a? O'z singlingga ichirib qo'yasanmi, hezalak?!
— Zamondan orqada qolib ketgansiz, nimasi yomon biroz xursandchilik qilsak, kap-katta qiz-ku!
— O'-o', it, singling sening nomusing-ku, axir!
Shuhrat aka dasturxon ustidagi idishlarni zarb bilan uloqtirdi-da, nola qila boshladi:
— Ey, Xudo, bu dayusni nima qilsam bo'ladi, qanday erkak bo'ldi bu?!
— Yetar! — gapga aralashdi Bonu.
— Bu mening hayotim, siz aralashmang, jonimga tegdi hammasi! Janjal shu yerda to'xtadi. Salima opa yig'lar, erining gaplari to'g'riligini bilardi-yu, biroq tinchligi yo'qolayotganidan dili xufton edi. Aslida, ayol bolalari o'zgarayotganini ancha avval payqagan. Lekin onalik mehri ustunlik qilibmi yoki bu holatlarni sho'xlikka yo'yibmi, ko'z yumib kelayotgandi. Mana, endi oiladagi vaziyat keskinlashayotgani onaning yuragini ezishni boshlagan. Biroq ayol erichalik kuyinmasdi. Hammadan ham Shuhrat akaga og'ir. Erkak farzandlari tufayli tobora yuzi yerga qarayotgani, tanish-bilishlari oldida obro'sizlanayotgani uchun u qadar siqilmayapti, balki uni keti uzilmas savollar qiynardi, xolos.
— Ular yoshligidan bekorchi bo'lishmadi-ku, Salima! — deya yuragini changallagan Shuhrat aka xotiniga ojiz qiyofada boqdi.
— Sportga, pishir-kuydirga, turli mashg'ulotlarga e'tiborini jalb qildik, kim bilan do'stlashayotgani, orzu-istaklariga befarq bo'lmadik, mudom ular bilan do'stona aloqa o'rnatishga urindik! Nima uchun taqdir bolalarimizni endi mutlaq o'zga yo'llardan olib ketyapti, a? Nega?
— Dadasi, yuragimni siqmang!
— Eh, Salima, Salima! — ko'zlarini yumib oldi Shuhrat aka.
— Doim haqiqatga qarashdan qochasan! Mavzu yopildi. Yopilmasdan boshqa yo'li bormidi?
Allaqachon aqlini tanib ulgurgan bolalarga gap bilan aql o'rgatish befoyda. Bo'yi cho'zilib qolgan bu ikki farzandni urib, qo'rqitib tarbiyalashning ham iloji yo'q. Kunlar shu tariqa o'tarkan, Bonu va Sharofning daydishlari to'xtamadi, aksincha, avjiga chiqdi. O'rtoqlar, biz doim ishchilarga o'rnak bo'lishimiz kerak. Har tomonlama yaxshi namuna ko'rsatishimiz shart. Siz, — dedi majlisda nutq so'zlayotgan Shuhrat aka Azamat ismli hamkasbiga qarab, — ishingizni qoyillating-da, keyin o'yin-kulgi qiling. Shuhrat aka qo'lini niqtab gapirar, ish unumi tushib ketgani uchun aynan Azamat ismli xodimni ayblardi.
Men qo'limdan kelganicha harakat qilyapman, — dedi hammaning yonida izza bo'lgan xodim tishlarini g'irchirlatib.
— Harakatingiz sezilmayapti! — ovozini balandlatdi Shuhrat aka.
— Hadeb tungi klublarda yuravermasdan zimmangizdagi vazifani uddalang yoki ishni topshiring, boshqasiga beramiz.
— Tungi klublarda yurganimni kim ko'ribdi? — dedi asabdan titrayotgan Azamat.
— O'g'lingizmi?
— Nima?!
— Shuhrat aka stoldagi hujjatlarini oldi-da, vaziyat yomonlashmasdan ketish payiga tushdi.
— Siz ishdan bo'shadingiz!
— Haqingiz yo'q!
— Shuhrat akaning ortidan baqirdi Azamat.
— Haqiqat achchiq ekanmi, a? Nima, butun shaharga dong'i ketgan behayo qizing ko'ribdimi meni o'sha klubda?! Qaerga qochyapsan, javob ber!
Shuhrat aka bo'yinbog'ini bo'shatib, yo'lak bo'ylab tez-tez yurib ketarkan ortidan aytilayotgan so'zlarni aniq eshitdi. U ortiq bunday haqoratlarga chidolmaydi, ortiq farzandlarining bunday nobakorliklarini ko'tarolmaydi.
— Salima, Salima!
Salima opa erining ko'chadan baqirib kirishlariga o'rganib qolgan, ammo bu gal xijolatli qiyofada erini qarshi oldi.
— Sekin, dadasi, sekin! — dedi ayol pichirlab.
— Ichkarida hoji bobongiz o'tiribdi, mehmonga kelibdi.
— Hoji bobom?!
Shuhrat aka bu insonni yaxshi eslardi. Yodida, yoshlik chog'lari katta bog'da mana shu insonning ketmoniga osilib yurar, uning olmazori uzra quvlashmachoq o'ynab, go'zal bolalik chog'larini o'tkazgan. Bu odamning ham dunyoviy, ham diniy ilmi nihoyatda kuchli ekani sabab, odamlarning bari bir ovozdan «Hoji bobo» deb chaqirishar, Shuhrat aka ham garchi amakisi ekaniga qaramay shunday atardi.
— Assalomu alaykum, hoji bobo! — dilidagi g'uborlari birdan tarqalgan erkak amakisini mahkam bag'riga bosdi.
Qariyaning yuzidan nur taralar, doimgiday kamgap, kamsuqum, keng fel. Oppoq yaktagiga hamohang oq soqollari ko'ksiga tushgan, ancha qaribdi-yu, biroq hamon o'sha-o'sha salobatli. Ular obdan so'rashishdi. Shuhrat aka necha yillardan beri amakisidan xabar ololmagani uchun o'zini oqlash payida dedi:
— Ishlar ko'p, hoji bobo, shaharda hayot qaynaydi, o'tayotgan kunlar bir zumday, shu sabab sizdan xabar ololmadik.
— Albatta, o'g'lim, tushunaman! Hoji bobo jilmayib turaverdi. Shuhrat aka garchi uzoq yillar diydorlashmaganiga qaramay, bu insonning, aynan shunday jilmayishi ortida ulkan ma'no yotishini biladi.
— Obbo, hoji bobom-e, bir kelibsiz-da, hozir ziyofatni tashkilashtirib yuboramiz!
— O'tir, bolam, senga gapim bor. Shuhrat aka biroz xijolat chekib o'tirdi.
— Bilasanmi, bir necha kun avval ancha yillardan buyon ko'rmagan tanishimni ko'rib qoldim. U ikki farzandi bilan bir ahvolda yashayotgan ekan. Shu hollariga qaramay ular baxtli. Farzandlarining har ikkisi ham o'z bilimi bilan oliy o'quv yurti talabasi bo'lishibdi-yu, lekin shartnoma pulini to'lolmaganlar sabab o'qishni tashlashmoqchi ekan. Bir paytlar o'sha erkak oldi yigitlardan edi, lekin unga do'sti xiyonat qildi, haqini yedi. Men o'sha xiyonatkor yigitni tanirdim, yaxshi tanirdim!
Qariya gapirishdan to'xtadi va qat'iyat mavj urib turgan ko'zlarini jiyaniga tikdi.
— Harom luqma shunday narsaki, bir chimdim bo'lsin bolalaringga yedirsang, qoniga singadi va ota-ona qanchalar dono, oqil, yuksak tarbiyali bo'lmasin, bolalarning ongi va xulqida mutlaq boshqa tabiat aks etadi. Harom aralashgan luqmaning kuchi mana shunaqa bolam, qonga singiydi, qonga!
Shuhrat aka tilini tishlagancha, lom-mim deyolmasdi. U amakisi nimaga sha'ma qilayotganini juda yaxshi tushungan edi. Xotiralar o'z girdobiga olib ketgandi uni.
«Hoji bobom Anvar haqida gapiryapti. Ha, esimda, Salimaning gapiga kirib endi ish boshlagan kunlarimiz uni aldadim, do'stimga xiyonat qildim. Ha, men bolalarimga harom yedirib qo'yganim uchun… Ha, hammasi shu sabab… Axir o'sha yillar Sharof va Bonu oldinma-ketin dunyoga kelishgandi.
Eh, hoji bobo, bilasiz, hamma dardimni bilasiz…»
Qariya o'ylanib qolgan jiyaniga biroz qarab turdi-da, ketishga chog'landi.
— Iya, qaerga, hoji bobo? Uyimga, bolam.
— Axir shuncha uzoqdan kelib-ketasizmi? Yo'q, haligi, ziyofat, ziyofat-chi?!
Qariya jiyaniga qarab, kuldi. Bolalaringni olib, biz tomonlarga bor, endi nima qilishni bilasan, qarzingni to'la. Zotan, hechdan ko'ra kech. Ha, aytganday, eshik orqasida yig'lab o'tirgan Salimani ham olib bor. Hoji bobo ketdi. Salima hamon piqillab turar,
Shuhrat aka esa: «Anvar bolalaring, albatta, o'qiydi, nochorliging ham tugaydi», deya dilidan o'tkazardi.
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022