Kategoriya: Maqolalar
Qish chillasi va chilla suvi foydalari
Bolaligimizda shunaqa qorlar yog‘ardiki, ikkinchi qavatdagi ayvonimizdan tomorqa ichiga sirpanchiq uchsa bo‘lardi. Issiq kiyinib, mahallamizdagi do‘ngda soatlab chana uchardik. Qorbobo yasab, qorbo‘ron o‘ynab , obdon charchaganimizdagina ikki yuzimiz qizarib uyga kirardik. Ba'zan onalarimiz gurillab yonib turadigan pechka oldiga sudrab, majburlab olib kelishardi....
Har tong kuraladigan qorlar, taraklab muzlab qoladigan yer, xaftalab erimay, bo‘g‘otdan yergacha cho‘ziladigan sumalaklar hamon esimda. Shunaqa izg‘irinlar bo‘lardiki, shahrimizdagi kichkina ko‘l muzlab qolib, ustida bir maktab bolasi xokey o‘ynab, chana uchardik.
Tavba, u sovuqlarni hech kim anomal ham demasdi.
Qishloqqa gaz quvurlari tortilmagan, qirmizi balonlarda keladiganini esa, faqat ovqat va choy qaynatishgagina ishlatilar, qishda gazning vazifasini ham pechka bajarib berardi. Ya'ni kichikroq pildiraqlarini olib chovgum, obdasta, kattaroqlarini olib tova, qozon qo‘ysa bo‘lardi.
Onam shahar kasalxonasida hamshira bo‘lib, deyarli har kuni ishda edi. Unda, xozirgiday har qadamdagi oshxonalar, qaxvaxonalar, bir qo‘ng‘iroq bilan keltiriladigan tayyor taomlar qayda?
Qozon bo‘sh bo‘lsa, nonni otashkurak ustida qizdirib, shakar yoki asalli choyga bo‘ktirib yeb, yana ko‘chaga, qor o‘ynagani chopardik.
Bu yil ozroq bo‘lsada bolaligimizdagi kabi qish bo‘layotganidan sevindim. Sababi ayozli ob-havo inson tanasi uchun juda foydalidir.
Qish tanani zararli mikroblardan tozalash uchun ham ajoyib vaqt.
Ayozli ob-havo tanani tiriltirishga yordam beradi.
Dadam eng qattiq sovuqlarda ham ko‘chaga chiqib, toza havoda o‘ynashimizni buyurardi.
Shifokor bo‘libgina, buning sababini angladim.
Past haroratlarda atrof-muhit kamroq ifloslangan bo‘ladi. Virus va mikroblarning ko‘payishi va ularning tajovuzkorligi kamayadi.
O‘pka chang zarralaridan tozalanishi uchun odam tashqariga chiqib, toza havoda ko‘proq nafas olishi kerak.
Agar shu payt shahar tashqarisida bo‘lsangiz, yanam yaxshi.
Sovuq havodagi jismoniy faoliyat davomida tanamizga tahdid soladigan infeksiyalarga qarshi kurashadigan himoya hujayralari faollashadi.
Shu tufayli immunitetni kuchaytiruvchi interferon ishlab chiqarish ham ortadi.
Sovuq havoda yurish miya uchun ham koni foyda. Faqat, burun orqali chuqur -chuqur nafas olish kerak. Chunki burun yo‘llari murakkab reseptorlar bilan qoplangan bo‘lib, past harorat ularni qitiqlaydi. Bu - reseptorlardagi neyronlar orqali mudrab yotgan asab tizimini ham uygotadi. Natijada metabolizm tezlashadi. Bu bosh miya faoliyatini faollashishiga yordam beradi.
Sovuq havoning samaradorligi birinchi marta Pol'shada 1879- yilda shifoxonalardan birida sezilgan. Chechak bilan kasallangan bemor xonadan chiqib, sovuq havoda bog‘da uzoq vaqt o‘tiradi. Tez orada uning ahvoli yaxshilandi. Shundan so‘ng mahalliy shifokorlar chechak bilan og‘rigan bemorlarni isitilmaydigan xonaga ataylab yotqizishni boshladilar.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, sovuq og‘riq bilan ham kurashishga yordam beradi: 5 darajadan past haroratda asab tugunlarining sezgirligi pasayadi va og‘riq signali miyaga etib bormaydi. Shuning uchun, sovuq havoda sayr qilish, ayniqsa, bosh og‘rig‘idan aziyat chekadiganlar uchun foydalidir.
Ayoz ruhiy zo‘riqishdan ham xalos bo‘lishga yordam beradi: uzoq ish kunidan so‘ng balkonga chiqish yoki parkda qisqa sayr qilib, chuqur-chuqur nafas olib sayr qiling. Agar sovuq tashqarida - 7 darajadan yuqori bo‘lsa, u holda sekinroq va sokiroq nafas olgan ma'qul.
Ayozni yoshlik va salomatlik eliksiri deb ha atash mumkin. U moddalar almashinuvini faollashtirib, tanamizni ichkaridan ham, tashqaridan ham yoshartiradi. Chunki past haroratda qon aylanish faollashadi va barcha organ tizimlarining quvvatini oshiradi.
Bu teriga, mushaklarga, yurak-qon tomir tizimiga foydali ta'sir ko‘rsatadi. Shuningdek sovuq gemoglobin darajasini oshirishga va qizil qon hujayralarini ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, sovuq havo xolesterinning yonishini kuchaytiradi va tanani “silkitadi“. Natijada qon aylanish yaxshilanib, metabolizm tezlashib, semizlar ozadi.
Bejizga chilladan so‘ng keladigan ilik uzildi davrini- yo‘g‘on cho‘zilib, ingichga uziladigan davr deyilmaydi.
Ayoz- eng zo‘r psixolog! Sovuq havoda sayr - stressni davolaydi. Odam noldan past haroratlarda ko‘chaga chiqqanda, tana ijobiy impul's oladi. Sovuq havo baht gormoni - serotonin ishlab chiqarishni oshiradi, bu stressning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.
Ayozda avtonom asab tizimi mustahkamlanadi.
Sovuq havodagi jismoniy harakatlar qon bosimi baland insonlar uchun ham foydalidir.
Xa, yana bir gap. Bolaligimizda bobom chillada ma'lum muddat atayin qorda yalang oyoq yurardilar. Dadam, onamga ko‘rsatmay, bizga ham oyoq kiyimizni yechishni buyurardi. Birinchi kuni bir, ikki daqiqa, keyingi kunlari besh-olti daqiqa qorda yalang oyoq chopardik.
Qiziq, oeqlarimiz muzlash o‘rniga qiziy boshlardi.
So‘ng oyog‘imizni toza sochiqda quritib, jun paypoq va poyafzalimizni kiyib olardik.
Ushbu usul tufayli butun tana isinadi va qon faolroq aylana boshlaydi, bu esa immunitetni mustahkamlashga yordam beradi.
Bu biroz g‘alatiroq tuyular, ammo raxmatli bobomning o‘sha usullari bizni anchagina chiniqtirgan. Alxamdulillax, kam kasal bo‘lamiz.
Xozir odamlar qishki sovuqda uyga biqinishadi.
Issiq choy, issiq ovqat, issiq kiyim va issiq uy bo‘lsa bo‘ldi. To‘g‘ri, bizda uningsiz ham gaz, elektr muammolari yetarli bo‘lib, uylarni me'yorda isitish ham qiyin. Biroq, imkoniyatlariga ko‘ra me'yoridan ortiq isitadiganlar ham bor. Ba'zi uylarga kirib xommom qilib tashlashganiga guvoh bo‘laman. Ehtimol,gapim erish tuyular, biroq bunday issiqning zarari foydasidan ko‘proqdir.
ChILLA SUVI
Onamni eng zo‘r dorisi xozir ham - chillada yoqqan qorning suvidir. Yozda oftob ursa ham, boshimiz ogoisa ham, kimdingdir qon bosimi oshsa ham chilla suvidan beradi.
Yara-chaqa toshgan go‘dak ham shunday suvda cho‘miltiriladi. Mutaxassilarining fikricha, chilla suvi insonni bo‘shagan energiya zahirasini to‘ldirishga yordam beradi. Turli kasalliklarga qarshi turish uchun tanani salomatlik va kuch bilan to‘ldiradigan tabiiy energiya manbai hisoblanadi. Qayd etilishicha, molekulala
rning strukturaviy xususiyatlari tufayli bu suv har qanday yoshdagi inson organizmiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.
Chilla suvining foydali xususiyatlari orasida quyidagilar alohida ta'kidlanadi:
Metabolik jarayonlarni tezlashtiradi.
Har qanday turdagi allergiyadan xalos bo‘lishga yordam beradi.
Toksinlarni tanadan chiqaradi.
Immunitetni mustahkamlaydi.
Ovqat hazm qilishga yordam beradi.
Foydali ish koefisentini oshiradi.
Xotirani faollashtiradi.
Uyquni yaxshilaydi.
Qon tomir kasalliklarida yordam beradi.
Xuddi shu xususiyatlarga baland tog‘lardagi muzliklardan oqib tushguvchi irmoq suvlari ham egadir.
Bunday shifobahsh suvni uy sharoitida ham tayyorlash mumkin.
Oddiy krandan suv oling va uni bir necha soat davomida tindiring.
Suv tarkibidagi og‘ir metallar idish tubiga cho‘kadi.
Keyin qopqog‘ini yoping va muzlatgichga qo‘ying.
1-2 soatdan keyin muzning birinchi qobig‘i paydo bo‘ladi - uni olib tashlash kerak, chunki uning tarkibida og‘ir suv - deyteriy mavjud. Suvning qolgan qismini muzlatib qo‘yasiz.
Yana muz paydo bo‘lib, idishning uchdan ikki qismini egallaganda uni olib, muzlashga ulgurmagan suvni to‘kib tashlaysiz. Chunki bu zararli kimyoviy birikmalarni o‘z ichiga olgan yengil suvdir. Qolgan muzni xona haroratida hech qanday qizdirmasdan tabiiy ravishda eritasiz. Shu suv tana uchun eng foydalisi, tarkibi ham chilla va muzliklardan erib tushguvchi irmoq suvlariga yaqin hisoblanadi.
Biroq bu suvning fazilati qanchalik ko‘p bo‘lmasin, mutaxasislar uni pala-partish ichishni tavsiya qilavermaydilar.
Tanamiz aralashmalar, qo‘shimchalar, mineral tuzlardan butunlay tozalangan suyuqlikka moslashishi kerak.
Birinchi kuni 100 ml dan boshlab, miqdorni asta-sekin oshirish kerak.
Olimlarning ta'kidlashicha, kuniga ikki yoki uch stakan chilla yoki erigan suv iste'mol qilish bilan tanamiz yaxshigina tetiklik zaryadini oladi. Birinchi dozani ovqatdan bir soat oldin och qoringa iching.
Eritilgan suvni 10 ° C dan yuqori bo‘lmagan haroratda muzdan tushirishdan so‘ng darhol ichish tavsiya etiladi. Agar siz iliqroq suv ichmoqchi bo‘lsangiz, u holda isitish harorati 37 ° C dan oshmasligi kerak.
Muazzam Ibrohimova
Bolalar shifokori
KO'P KO'RILGAN
1-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
10-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022