Kategoriya: Hikoyalar

Qoshiqdagi yog‘ esdan chiqmasin


“Qoshiqdagi yog‘ esdan chiqmasin” degan iborani qayerdadir eshitgan bo‘lishingiz mumkin. Istaganingni qilishing mumkin, lekin haddingni bil, hayotga nega kelganingni unutma, degan ma'nolarda tushunsa bo‘ladi. Aslida bu qaerdan kelgan?
Rivoyat bor. Bir yigit aylanib yurib, juda chiroyli, so‘lim bog‘ni ko‘rib qolibdi. Eshik oldida bir muysafid o‘tirgan ekan.
- Bog‘ning ichiga kirib, tomosha qilsam bo‘ladimi?
- Bemalol, o‘g‘lim, - debdi chol, - faqat mana buni qo‘lingga ushlab ol, qaytib chiqqaningda o‘zimga berasan. Extiyot bo‘l, to‘kib yuborma.
Shunday deb, haligi muysafid yigitga bir qoshiq yog‘ beribdi.
Aytilgan vaqt o‘tib, yigit qaytib kelibdi.
- Xo‘sh, bir-biridan go‘zal bog‘larni ko‘rdingmi? – deb so‘rabdi donishmand.
- Yo‘q.
- Shiftdagi naqshlarnichi?
- Ko‘rmadim.
- Devordagi suratlarni ko‘rdingmi?
- E'tibor bermadim.
- Qushlarning sayrashi, gullarning anvoyi xidlaridan bahra olgandirsan?
- Payqamadim.
- Nega?
- Siz mening qo‘limga yog‘ to‘la qoshiqni tutqazgandingiz, - javob beribdi yigit, - bor diqqatimni yog‘ni to‘kib yubormaslikka qaratib, aytganlaringizning birortasiga ham e'tibor bera olmabman.
Donishmand kulibdi-da, yigitni qayta sayrga jo‘natibdi. Har bir jihatga e'tibor qaratish kerakligini, iloji boricha ko‘rganlaridan zavq olishga harakat qilish kerakligini qattiq tayinlabdi.
Birozdan so‘ng qaytib kelgan yigit o‘zini qo‘yarga joy topa olmas, to‘xtamasdan sayrdan olgan taassurotlarini gapirardi. Chol indamay eshitibdi va so‘rabdi:
- Senga topshirgan bir qoshiq yog‘ qani?
Yigit shoshib qo‘liga qarabdi. Sayr chog‘ida yog‘ning hammasi to‘kilib ketgandi.
Har ikki holat ham to‘g‘ri emas, balki. Bu dunyo ham bir so‘lim bog‘, mazza qilib yashang, zavq oling, faqat qo‘lingizdagi “bir qoshiq yog‘”ni ham unutmang, deyilsa kerak.

 

Internetdan olindi.

Reklama
Reklama