Kategoriya: Hikoyalar
Qush uyasida ko‘rganini qiladi
Kechasi ona bolalariga dars tayyorlashda yordam berishga chog‘landi. Avvalo, ularga xalaqit bermaslik uchun to‘rt yoshli o‘g‘lini nima bilandir mashg‘ul qilish maqsadida qo‘liga qalam va oq qog‘oz berdi. So‘ng qolganlariga xotirjam yordamlashmoqchi edihamki, qaynotasiga kechki ovqatini bermagani xayoliga keldi.
Qaynota xovli chekkarog‘ida joylashgan bir xonada yashar, kasalligi tufayli tashqariga kamroq chiqardi. Ayol imkon qadar qaynotasining xizmatini qilar, eri ham uning xizmatidan rozi edi. Ayol o‘rnidan turib, otaning kechki ovqatini olib borib berdi va biror ehtiyoji bo‘lsa chaqirishi mumkinligini aytib bolalari oldiga qaytdi. Kichkina o‘g‘lini qiziqish bilan nimalarnidir chizayotganini ko‘rib:
Nima chizding, – deya erkalatib so‘radi.
O‘g‘li onasining gapiga javoban qo‘lidagi qog‘ozni ko‘rsatdi. Qog‘oz yumaloq, to‘rtburchak shakllar bilan to‘la edi.
Ona:
Bu nima, – dedi.
Bola: – Katta bo‘sam men o‘zim yashaydigan uy xonalarini chizdim, – dedi. Keyin har bir shaklni “Bu oshxona, u yerda ovqatlanaman, bunisi yotoqxona, u yerda uxlayman, bunisi mehmonxona...”, deya bir-biriga tutash bo‘lgan shakllarni birma-bir tushuntira ketdi. Ona qog‘ozning chekkasida, boshqalaridan alohida va kichik qilib chizilgan shaklni ko‘rib “Bu qanday xona, nega uni boshqa xonalardan ajratib, alohida qilib qo‘yding”, dedi. Bola “U xona sizniki, u yerda siz bobomdek katta bo‘lganizda yashaysiz”, dedi. Bu gap onaning qulog‘iga chaqmoqdek urildi, qalbini larzaga soldi.
Ertasi kuni birinchi qiladigan ishi mehmonlar uchun bezatilgan xonaga qaynotasini ko‘chirib o‘tkazish bo‘ldi. Kechki payt kelgan eri bu holni ko‘rib, xotinidan hayratlanib, nima gapligini so‘radi. Xotini “Qariganimizda o‘zimizga yashash uchun joy hozirlayapman”, dedi. Er gap nimadaligini tushunib, mamnuniyat bilan kulib qo‘ydi.
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022