Kategoriya: Hikoyalar
Sizga o'xshagan ona bo'laman
Bir kuni onamni qattiq ranjitdim. Ulkan qayg‘u ichida o‘ksinibgina yuzimga qarab:
— Ona bo‘lsang meni tushunasan,- dedi. O‘smirlikning tentaklik kezlari edi. Qayg‘usiga parvo qilmay:
— Men aslo sizday ona bo‘lmayman!- dedim. Onam indamay oshxonaga chiqib ketdi. Aslida hali so‘zimni tugatmasdanoq pushaymon bo‘lib bo‘ldim, lekin yoy kamondan otilgandi. Ortiqcha g‘urur bor edi ichimda. Oldiga borib uzr so‘rayolmadim. Birdan kechagina olib kelgan kitobiga ko‘zim tushdi. Kichik stol ustida yotardi. Balki kitob o‘qishga tutinsam, ko‘nglini olgan bo‘laman deb xonamga kirib ketdim. Kitob o‘qiyotib uxlab qolibman. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmayman, dadamning ovozidan uyg‘onib ketdim. Ishdan kelib, onam bilan nimalarnidir gaplashayotgan ekan. Atrofga oqshom qorong‘uligi tushgan edi. Turmoqchi bo‘lgandim, ustimga yopinchiq tashlanganini payqadim. Kitob qo‘limdan olinib, ustim yopilgandi. O‘rnimdan turib chiroqni yoqdim, yotog‘im boshida bir bo‘lak keks, yonida dolchinli sut va kichik xat turardi: “Sen menday ona bo‘lmaysan, mendan ham yaxshi ona bo‘lsan!” Boshimdan sharaqlab qaynayotgan suv to‘kilganday bo‘ldi. Qanday qilib onamga shunday deya oldim?!.. Lekin ichimdagi be'mani jahl yana onamning yoniga kelib uzr so‘rashimga to‘siq bo‘ldi. Aslida tortishib qolganimizning sababi ham boshimning ustida turgan mana shu keks edi. Men ertangi kungi o‘quv yili xayrlashuv marosimi uchun keks tayyorlab berishni so‘radim. Onam ishlari ko‘pligi uchun keks tayyorlab berolmasligini qat'iy aytdi. Onam o‘sha keksni tayyorlab bermasa o‘rtoqlarim oldida xijolat bo‘lardim. Modomiki, onam keksni pishirar ekan, nega meni buncha xafa qildi?
Dadam yonimga keldilar. Yig‘layotgandim. Ko‘z yoshlarimni artdilar.
— Nimalar bo‘lib o‘tganini bilaman, senga bir sirni ochaman, lekin zinhor onangga aytmaysan, - dedilar. Boshimni tebratdim.
— Ertaga mening maosh oladigan kunim. Uyda yog‘ bilan un tugab qolgan ekan. Onangga bir kun biror nima qilib amallab turishini aytgandim. Sen keks tayyorlashini so‘raganingda, o‘ksinmagin deb “uyda mahsulot yo‘q” deyolmabdi. Qo‘shnilardan so‘rashga ham iymanibdi. Lekin qattiq xafa bo‘lganingni ko‘rib baqqolga qarzga yozdirib olishga majbur bo‘libdi.
Dadamning so‘zlarini eshitar ekanman, boshim g‘ovlab, miyam uvishib qoldi. Avvalgidan ham ulkan qayg‘u bilan onamning yoniga qarab chopdim. Ho‘ngrab-o‘ksinib yig‘lardimu, bir so‘z aytolmasdim. Amallab o‘pkamni bosdimu, shu so‘zlarni ayta oldim xolos:
— Men sizga o‘xshagan ona bo‘laman! O‘z qayg‘uimni farzandlariga bildirmayman, o‘rni kelganda kiprik qoqmasdan har qanday fidoiylikdan qaytmayman! Va farzandlarimni siz meni sevgandek sevaman!
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022