Kategoriya: Hikoyalar

Tulki falsafasi



Bir kuni arslon yoniga qo‘yni chaqirib:


- Yaqinroq kel-chi, og‘zimdan yomon hid kelmayaptimikin? – debdi. 

Qo‘y farosatsizlik qilibdi.


- Ha, arslonim, og‘zingiz sasiyapti. Kimning boshini yegandingiz? – debdi. 

Arslonning jahli chiqib, qo‘yni parchalab tashlabdi. 

Hovuridan tushgandan keyin, yoniga ayiqni chaqirib, unga ham ayni savolni beribdi.


- Sizdan yomon hid kelarmidi, arslonim! – debdi ayiq yaltoqilik bilan. 

– Arslonning hidi kelyapti sizdan! 


Arslonga uning bu xushomadi yoqmabdi, «Ayiqqa yarashmaydigan gap qilding, la'nati!» - deya, rosa ta'zirini beribdi.


Navbat tulkiga kelibdi. Oldingilarning oqibatini bir chetda kuzatib turgan tulki arslonning oldiga xastaga o‘xshab, yolg‘ondakam yo‘talib kelibdi. Arslon unga ham o‘sha savolni beribdi.


- Meni ma'zur tuting, arslon janoblari! – debdi tulki mo‘ltirab.

 – Necha kunki mazam yo‘q, shamollab qolibman. Burnim ham bitib qolgan, hid bilmayapman...


Arslon uning boshini silab, sog‘lik tilab, qo‘yvoribdi. 

Voqealarni kuzatib turgan bo‘ri tulkining yoniga kelib:


- Yomonam ayyorsan-da, - debdi ta'na bilan.


- Balki ayyordirman, - debdi tulki. – ammo ahmoq emasman. Faqat ahmoqlargina og‘zi sasib, quturib turgan vahshiyga haqiqatni aytsam yoki yaltoqilik qilsam, omonda bo‘laman, deb o‘ylaydi. Men haqiqatni ham uvol qilmadim, xushomadgo‘ylik qilib o‘zimni ham yerga urmadim!..

P/S: Hech kimni bu masaldagi hayvonlarga o‘xshatish tavsiya qilinmaydi.

Reklama
Reklama