Kategoriya: Hikoyalar
Va'da. Hayotiy hikoya
1989-yil 8,2 ball kuch bilan yuz bergan zilzila Armanistonni kunpayakun qilib yuboray dedi. U atigi 4 daqiqa ichida 30 000 dan ziyod odamning hayotiga zomin boʻldi.
Ana shu dahshatli daqiqalarda hayoti xavfsizligiga ishonib stepanakertlik bir kishi xotinini uyda qoldirdi. Oʻgʻlidan xabar olish uchun maktabga yugurdi. Ammo maktab oʻrnida hosil boʻlgan vayrona tepalikka duch keldi-yu dahshatdan qotib qoldi. Shunda toʻsatdan xayoliga qachonlardir oʻgʻliga bergan vaʼdasi tushdi:
– Qanday xodisa yuz bermasin, men albatta, senga yordamga yetib kelaman!
Otaning koʻzi yoshga toʻldi. U vayronaga tikilarkan, biror chora, najotni koʻrmadi, lekin xayolida oʻgʻliga bergan vaʼdasi charx uraverdi.
U oʻgʻlini har kuni maktabning qayeriga yetaklab borganini eslashga urinib, binoning oʻng tomonidagi burchakda joylashgan sinfni chamalab topdi. Va xarobani kovlashga tushdi.
Bu orada boshqa oʻquvchilarning ham qaygʻuga botgan ota-onalari yetib kelishdi. Ular alam bilan:
– Oʻgʻlim! Qizim! – deb faryod urishdi. Baʼzi ota-onalar:
– Endi kech!
– Allaqachon halok boʻlishgan!
– Biz endi ularga yordam berolmaymiz!
– Uyga ketdik! – deb qaygʻuga botishdi. Bolaning otasiga ham:
– Aql bilan ish tuting, urinish befoyda. – deb maslahat berishdi.
Shunday tasalli bilan unga yaqinlashgan har bir kishidan bolaning otasi bir narsani soʻrardi:
– Siz menga yordam bermoqchimisiz! – u shunday derdi-yu, qoʻli ishdan toʻxtamasdi. Ishonch bilan toshlarni koʻchirib, vayronani ochib borar, bu harakati bilan oʻzini tobora oʻgʻliga yaqinlashayotganday his qilardi.
Shu choq oʻt oʻchiruvchilar komandiri kelib hammani hayday boshladi:
– Hozir hammayoqni olov qoplaydi, portlash yuz berishi ham mumkin. Siz oʻzingizni xavfga qoʻymang. Uyga ketinglar. Bu yerni tozalashni oʻzimiz uddalaymiz.
Bolasini qutqarishga urinayotgan ota pinagini ham buzmay ishini davom ettirarkan savolini takrorladi: – Siz menga yordam bermoqchimisiz?
Atrofni qoʻriqlayotgan militsioner ham tanbeh berishni unutmadi:
– Bu telbalik, bunaqada boshqalarning hayotini ham xavfga qoʻyapsiz, uyingizga boring bu ishni bizga qoʻyib bering.
Ota melitsionerga yuzlandi:
– Siz menga yordam bermoqchimisiz? Yoʻq boʻlsa, ishimga aralashmang! – Militsioner, bunga gapirish befoyda degan fikrda undan yiroqlashdi.
Ota esa butun irodasini, kuchini ishga solib, xarobani kovlashda davom etdi. U oʻgʻlining tirik yoki oʻlikligini oʻz koʻzi bilan koʻrishni istardi.
Oradan 8 soat, 12 soat, 24 soat … 36 soat oʻtdi. Nihoyat 38 soat deganda u ulkan beton boʻlagini surayotib oʻgʻlining ovozini eshitdi.
– Armand! – oʻgʻlini chaqirdi ota.
– Dada! Bu sizmi, dada! Qoʻrqmang, men tirikman. Kelishingizni bilardim. Men boshqa bolalarga ham, havotirga tushmanglar, dadam bizni qutqaradi, dedim. Axir siz menga “Nimaiki yuz bermasin men albatta yordamga yetib kelaman”, deb soʻz bergansizku, dada.
– U yerda nima boʻlyapti? Ahvolingiz qalay? – soʻradi ota oʻzini yigʻidan arang bosib.
– Oʻttiz uchta boladan 14 tamiz qoldik. Biz hammamiz ochmiz, issiqlab ketyapmiz, havo yetishmayapti, qoʻrqyapmiz, dada! Hammamiz sizni kutdik. Bino qulaganda biz devor chetiga turib oldik, u bizni qutqarib qoldi.
– Boʻlaqol oʻgʻlim, chiq tezroq, kutyapman, – dedi ota soʻnggi beton qoldigʻini surarkan.
– Yoʻq dada, avval boshqa bolalar chiqsin. Meni qutqarishingizga ishonaman. Nima yuz bermasin, siz bari bir yordamga kelasiz, – oʻgʻlining ovozida ishonch va fahr ohanglari jarangladi.
KO'P KO'RILGAN
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
5-sinf yangi elektron darsliklar
19 sen, 2022