Kategoriya: Hikoyalar

Yantoqlar ham gapiradi


YONTOQLAR HAM GAPIRADI

(Hikoya)


Qahrabo Sahroi Kabrni eslatuvchi serquyosh Hotam sahrosi uzra boshingga bir parcha oq boʻz oʻrab olgan Mirzavoy qoʻlingdagi chalgʻingni bir maromda soat millaridek sermalatib borarding.
Quyosh naqd tikka kelib, goʻyo sen bilan bellashayotgandek edi. Halloslab oʻtin chopishda izingdan yetolmay qiynalayotgan bizlar jazirama oftobga dosh berolmay dambadam qaqragan tomoqlarimizni suvdonni koʻtarib suv ichib xoʻllab olardik. Sen esa suv ichmas, bizga qayrilib ham qaramas, borligʻing bilan ishga berilib ketgan eding. Shu darajada irodali edingki, ertalabdan buyon na bir qultim suv ichganing, na tuz tatganing yoʻq eding. Aftidan bor alamingni zarbingdan qulab tushayotgan yontoqlardan olayotgandek, oʻzingni shu azim choʻlga kerak ekaningdan faxrlangandek his qilarding, shu bois sen uchun bu dunyoda eng katta ish, eng katta hal qilish kerak boʻlgan muammo yastanib yotgan choʻldagi qalin va baland oʻsgan yontoqlarni chopib dastalash edi.
Koʻzlaring goʻdaknikidek sinchdan xoli, oʻzing tuproqdek hokisor, toʻmor sifat bilaklaring esa koʻchga toʻlagan, boʻtaloqdek beozor edinga. Norgʻul yigitligingni koʻrgan odam “oh, shunday alpqomat oʻgʻlim boʻlsa ediya”, deyishi turgan gap edi.
Biz oʻtinchilarga otam bot-bot takrorlab "oʻgʻillarim, Mirzavoyni koʻrdilaringmi halol mehnati ortidan non yeydi, u hech kimdan muttaham emas, oʻziga oʻzi shoh, bu gaplarimni unutmang, hayottingizda asqatadi. Faqat oʻz mehnatingiz bilan topilgan non minnatsiz boʻladi, tatiydi....” – der edi.
Mirzavoyni maqtayotgan otam haqida ikki ogʻiz gapirsam, padari buzrukvorim “olim agranom”, biroq xudojoʻyligidan mansabga qiziqmas, yaxshi agronomlikdan voz kechib chorvachilik bilan qora qozonimizni qaynatrdi. Shu bois, u bizni bepayon, lojuvard osmonli Hotam sahrosining etaklariga ayni saratonda olib borib qoʻylarga qishqi ozuqa gʻaramini uyush uchun, quyoshning ayovsiz nayzalariga yelkamizni qalqon qilib, yontoq chopishga boshlab kelgan edi.
Biz azamat aka-ukalar uning ikki qanotidek edik. Biroq qancha urinmaylik ishimizda unum yoʻq edi. Buni koʻrgan, hasharga kelgan kenja amakim Sobir otamga “Aka, qoʻshni qishloqda bir Mirzavoy ismli oʻtinchi bor oʻzi savdoyiroq, ammo traktordek ishlaydi. Oʻshani topib kelsak yontoqdan togʻdek gʻaram uysak ajabmas”, ˗ deb qoldi.
Otam chalgʻini charhlay turib oʻylanib qoldi-da, ish yurishini oʻylagini uchunmi miyigʻida kulib “boʻpti uka manzilini ber, olib kelamiz, unda faqat ranjitmaysizlar”, ˗ deb mototsikli yoniga bordbiyu tepkisini tepib motorni oʻt oldirib joʻnab qoldi. Savdoyi oʻtinchi keladi degan gapdan qiziq tomosha boʻlarkan degan oʻyda qoʻllarim ishga qizgʻin berilib, otam ketgan tomonga damo˗dam qarab olaverardim.
Sahroning boshi alvon rang koʻm-koʻk yontoqlari xoʻrozning tojidek qip-qizil gullab, dimoqni choʻlning oʻt-oʻlanlariyu shuvoq, kavrak, xozarisvand kabi giyohlarining xushboʻy ifori qitiqlardi. Yontoqlar va yulgʻunu, soksavullari ostidada turli jonzotlar qatori kaltakesaklar bir joyga shoshayotgandek pitir-pitir qilib oʻtib-qaytar, goh angarayib begona mehmondan hadik tuygandek menga qarab qolardi. Ortimizda dastalangan yontoqlar esa saf tortgan lashkar kabi qatorlashib ergashib kelayotgandek edi.
Shu payt uzoqdan chang koʻtarilib bir qora koʻrindi. “Akam Mirzavoyni olib kelyapti”, ˗ dedi ketmoniga iyagini tirab, bir oz tin olgan amakim. Bir qarasam dimiqqan havoda mototsikl ustida burgut qanotlari yoyilganini eslatuvchi chang quyunini ergashtirib kelardi.
Bizga orqavoratdan qoʻrqitish uchunmi oʻtinchini devsifat deb tariflagan, uni kutib turgan amakim quvlik bilan “endi Sobir dam olsa ham boʻladi”, ˗ deb ishshaydi.
Mirzavoy oʻsha kuni motoskldan tusharkansan, sira savdoiyga oʻxshamasding. Bilaklaring kuchga toʻlib, mushaklaring turtib chiqqan, kino qahramonlaridek sochlaringni orqaga tarab olgan eding. Sochlaringga sahro shamollari silagandek chang qoʻnganini koʻrgan odam sen haqingda “hayot tashvishlarini yelkasiga olgan er yigit ekan”, ˗ deb oʻylashi shubhasiz edi.
Sen oʻsha kuni otamning gaplarini itoatkorona tinglading-da, yengingni shimarib, chalgʻi oʻrogʻingni qoʻlingga olib shiddat bilan yontoq oʻrishga kirishib ketding. Otam bizga “oʻgʻillarim, Mirzavoydek ish buyursam soʻzsiz xoʻp desangiz sizdan roziman, mana buni aqilli yigit desa boʻladi”, ˗ derdi.
Sobir amakim otamning gaplaridan anordek qizardiyu, otam yumushlar bilan bizdan uzoqlashgach koʻz qisib, qalbingda bitgan yarangni tirnab qoʻyish uchun boʻlsa kerakki, xitob qildi: “Mirzavoy, qaragina, qarshingdagi goʻzal yontoq kimga oʻxshaydi? !”
Shunda sen amakimga yalt etib qaraganingcha, chuqur xoʻrsinib tin olding va dabdurstdan bir tup baland oʻsgan poyasi ingichka, nafis yontoq qarshisida tiz choʻkib deding: “Ey suluv qiz. Bilaman, isming Gullola! Bizdan bir koʻcha narida yashaysan, jamolingni har koʻrganimda yuragimni jiz ettirasan. Chunki, kiyik koʻzlaring meni koʻrganida yulduzdek charaqlab ketadi. Afsuski, bizning oilani otang kambagʻal bildi. Seni men faqirga bermadi. Eh, yigʻlama jonim, boyvachchalar turganda shahzodangga yoʻl boʻlsin. Bunchalar ochilib ketibsan, seni sevaman Gullola, seni oʻzga yor qoʻyniga bermayman, – deya yontoqning alvon gullarini silading va nolangda davom etding. – Bilasanmi sevgilim Gullola, sen oʻzga yorga tekgach, meni ham akamlar qoʻshni qizga uylantirishdi. Lekin sevgimiz haqqi chimildiqda unga qiyo ham boqmadim. Seni oʻyladim, sevgimizga sodiq qoldim. Uch oy deganda kelin ketib qoldi. Menga oʻzingdan boshqa kerakmas edi-da jonginam Gullola, – deya koʻzlaringga yosh qalqib, oʻrningdan turayotib chalgʻingni olding va “Gullolang” boʻlmish yontoqni oʻrib qulatding, hech kimga qaramay ishni davom ettira ketding.
Shunda, quyosh jaziramsini pisand qilmasdan yontoqlarni qilich sermagandek bir maromda oʻrib borayotganingda roʻparangdan yana bir tup qartaygan yontoq chiqib qoldi. Shunda yana tiz choʻkib: “Ena! Enajon!! – deding entikib, – seni kim xafa qildi ena? Sen uchun jonimni berishga tayyorman enajon, seni yaxshi koʻraman. Seni sogʻindim. Goʻr soʻxta oʻgʻlingni kechir, mana bir oydan buyon uyga boragnim yoʻq, diydoringni koʻrganim yoʻq. Qoʻrqma, seni chopmayman. Senga non, sariyogʻ olib boraman ena, mazza qilib koʻk choy bilan ichasan sen uchun ishlayapman”, – deya oʻsha “ena” yontogʻingni qoldirib, uni aylanib oʻtib, yana ishingda davom etarding. Shunda Sobir amakim “Mirzavoy, ortingda yontoq qolib ketdi-ku” desa, javoban sen: “u mening enam, kim qoʻlini tegkizsa urib sindiraman” deb jangga kirgan bahodirdek mushtingni tugib oʻdagʻaylab qoʻganding.
Mirzavoy, oʻshanda otamning sen haqingdagi mana bu maqtovini eshitmagandingda: “Odamlar qalbi tosh qotib, puldan boshqa narsani oʻylamay qoʻygan zamonda, ona haqida oʻylaysana farishta Mirzavoy. Sening pok qalbing choʻl giyohlari bilan muloqot qilayotganiga sidqi dildan ishondim, ishontirding. Birovning moliga, joniga tajavvuz qilib, dunyo ortirish xayolida boʻlganlardan ming karra sen avlosan”.
Men zimdan yontoq chopishingni kuzatarkanman yuragimda qandaydir ogʻriq tuygandim. Shu qadar boladek begʻubor edingki, yontoq oʻrib borayotgan payting bir oz tin oldingda, baland oʻsgan yoʻgʻon poyali yontoqqa duch kelib qolib, sharta toʻxtab tikilib turib u bilan oʻz tilingda gaplasha ketganing kechagidek esimda. Shunday deganding: “Ortiq aka, hoy aka! Xayf senga enamning bergan oq suti, uvoli urmasin tagʻin. Enam seni toychoqdek erkalab oʻstirdi, seni, meni oʻsdirib nima koʻrdi enam? Qaqqayib turishingni qara soʻtak, xayf senga shu simbat, kelbatingni qara sherga oʻxshaysan tovuqyurak, men jinniman, enamga jonimni berolaman. Axir sen sogʻsan-ku?. Nega yangamning gapiga kirib, noʻxtalangan eshshakdek yoʻrigʻidan chiqmaysan aka. Aka kel, undan koʻra shu ona sahroga chiqib yulgʻinlar bilan, yontoqlar bilan, qoʻllari qartaygan momo saksovullar bilan gaplash, shunda oʻzingni tanirsan! Gaplarimga ishon, ena sahro qalbingga yoʻl koʻrsatadi, oʻzningni aqling boʻlmasa, ena sahrom senga aql beradi, kel... Iblisni quli boʻlma aka. Qalbingni keng qil, boradigan joyimiz bir quloch goʻr. Enam dunyo soʻramaydi-ku sendan, aka. Bir dona non qoʻltiqlab kelsang boʻldi enamga har kuni. Bir kosa ovqatni itingga ham berasan-ku, akajon. Bizni shu kuniga katta qilganmidi, enam aka! Bagʻritosh boʻlmasang buncha aka. Borar yering osmon emas-ku deyapman?!.
Xafa boʻlma aka, kel seni bir oz qiynab koʻzlaringni ochay, sen tirik murdaga oʻxshab turganingdan koʻra, oʻzim nafsingni oʻldirib qoʻyay, aqling kirsin”, - deb cholgʻingni azot koʻtarib “aka” yontoqni bir zarbada yerga qulatganing kechagidek esimda Mirzavoy. Sha zayilda bir tup yontoq osmonga qushdek uchib muallaq turdiyu yerga qulagandi oʻshanda.
Miriqib bepul tomosha koʻrayotgan bizlar rosa qiliqlaringdan ichak uzib kulgandik. Biroq sen qovogʻingni solib, oʻz ishingda davom etarding. “Kulmanglar, – deya otam tanbeh bergandi va, – ertaga sizlarni koʻramiz onangizdan xabar olarkansizmi yoʻq?!”
Biz esa, otamning titiroq soʻzlaridan taʼsirlanib lom-lim demay oʻz ishimizga kirishib ketgandik. Ertasiga yana hammamiz yontoq chopishga chiqdik. Mirzavoy, sen esa tong sahar bizdan oldin choʻlga kelib yontoq chopishda ancha olislab ketgan ekansan. Biz ortingdan yetib borganda, “Ha, uyquchilar, peshinda turgancha turmaslik kerak edi”, ˗ deganding.
“Oʻzing kombaynsan, bizni yontoqlarni ham bir zumda oʻrib tashlaysan”, ˗ degandi amakim quvlik bilan. “Yoʻq, men eng yangi vertolyotman”, deb oʻz ishingda davom etganding.
“Bular kim boʻldi?” ˗ degandi qalin oʻsgan yontoqlarni koʻrsatib amakim. Biz kim der ekansan deb qarab turardik.
Sen qarshingdagi chopilishi kerak boʻlgan yontoqlarni “Bularmi?! Bular Vatan xoinlari, sotqinlar, qochqinlar, ona yurtini sotgan vatangadoyu soxta vatanparvarlar. Ularga oʻlim, ularni qirib tashlayman! Nopoklarga muqaddas ona sahroyimda bir nafas ham joy yoʻq. Shu aziz tuproqqa zor boʻlib oʻl hammang. Senlarni raketamda bombardimon qilyapman”, - deya chalgʻingni sermab yontoqlarni oʻrib ayqash-uyqash qila ketganding.
Yo tavba, qarshingdagi qalin yontoqlar orasiga kosadek keladigan ari uyasiga duch kelib qoliding, yo tavba, huddi sen aytgan yurtfurushlar goʻyo paydo boʻlgandek edi, yaʼni yontoqlar orasiga in qurib olgan sariq arilarga ular aylangandek goʻyo senga qarshi gʻuvillab hujum qilishgandi.
Sen esa, ustingga yogʻilayotgan dushman oʻqlariga tinimsiz chap berarding, haqiyqi zobitdek koʻksingni kerib qoʻlda chalgʻing bilan ari inini buzib olisharding. Ari inini chalgʻing uchida yulib olib kirza etiklaring bilan oyogʻing ostiga olib majaqlab tashlaganding, ini buzilgan ari galasi seni quva boshlagandi, sen qocha ketganding, shunda bir necha ari yetib olib naqd tepa labingdan, yuzu koʻzinglaringdan chaqib tashlagandi.
Bir ozdan keyin koʻzlaring va tepa labing shishib, ayniqsa, tepa labingni uchi shishib ketgandi. Oʻshanda rostakamiga kulgili koʻringanding, seni hurmat bilan kuzatayotgan men ham nohosdan ho-holab kulib yuborgandim, esimda.
Shunda boʻsh kelmay, yurt gʻanimlarini, nonkoʻrlarni majaqlab tashlaganingdan mamnun koʻkragingni kerib: “Jangda yaralandim, ammo dushmanni yer tishlatib, qoʻshinini yakson qildim”, – deb vajohat bilan boshingga oʻralgan boʻzni olibkoʻ, yuz˗zingni bogʻlab olganding. Bu holatingni koʻrib “qaroqchiga oʻxshading” deb rosa hangoma qilganmiz, beodobligimiz uchun bizni kechirgan boʻlgin, goʻlgina Mirzavoy!
Oradan uch kun oʻtgach tongda qovogʻingdan qor yogʻib ertalabki nonushtani qilmaganding, sababini soʻraganimizda: “Men ketaman, shu kecha enam tushimga kirdi, u betob boʻlishi kerak. Chunki ilgari ham enam tushimga kirganida u qattiq betob boʻlgan edi. Ketmasam boʻlmaydi, enajonimga biror kori hol boʻlgan, tushimda ayon berdi”, deganding. Biz qancha olib qolishga urinmaylik, choʻlni oralab onang tomon oshiqib piyoda ketib qolganding. Ortingdan otam “Mirzavoy, toʻxta oʻzim etib qoʻyaman kechga”, deganiga ham qaramay, muqaddas kabani ziyorat qilishga yoʻl olgan toqatsiz darveshdek, onang diydorini gʻanimat bilib, dunyosiga qoʻl siltab bepayon choʻlning kunchiqar tomoniga qarab ketib borarding, borgan sari shafaqqa singib ketarding.
Garchi savdoyi boʻlsang-da, onang haqida oʻylaganingda vijdon amri oldida oʻzingga qatʼiy qaror chiqara olarding, hozir telefon apparatlari tariqqiy etgan zamonda odamlar otasini, onasini bir marta sim qoqib mehrli ovozini eshitib qoʻyishga qodir boʻlmaganda, sen nochorligingdan qoʻlingda quloqchining boʻlmasa ham onangni tush orqali koʻrolarding, yoʻq sen jinni emas, mehnatdan qochmaydigan, hayotni boricha koʻra oladigan va bolalik tuygʻularidan voz kechmagan haqiqiy odam eding.
Mirzavoy rostdan ham haqiqiy odamgarchiligi bor yigit eding, sen onangni sevarding, goʻdaklarcha uni yaxshi koʻrarding, shunisi bilan oʻzingni baxtli sanarding, eng hayratlisi Vataning, onang haqida oʻzing tugʻilib oʻsagan sahrongdagi yatoqlar bilan gaplasha olarding.
Ehe, bu voqealarga ham oʻn besh yil toʻlibdi, Mirzvoy men sen bilan oxirgi marta Yoz mavsumida oʻtin chopganimdan keyin oligohga oʻqishga kirdim, oradan yillar oʻtib sen haqingda soʻrab qoldim, aytishlaricha enang bu olamdan dorilbaqoga rixlat qilgach bir oz vaqt oʻtib dunyoga qoʻl siltagandek abadiyatga ketib qolibsan, Mirzavoy...

Sherzod Ismatillo(Qurbonov)

Reklama
Reklama