Kategoriya: Maqolalar

Yaponiya qanday yuksaldi?


Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya o‘ta tang ahvolda edi. Deyarli barcha shaharlari vayronaga aylangan, yetti million aholi ishsiz, Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombasi harobalari ham holatning qay darajada ekanligini ko‘rsatardi.

Biroq yapon xalqi butun dunyoga o‘zlaridagi iroda va matonat qanday ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Qisqa fursat ichida oyoqqa tura olib, vayrona shaharlari obod qildi.

Yaponlar o‘n to‘qqizinchi asrda temir yo‘llarga ega, og‘ir sanoat rivojlangan, kemasozlik tajribalari bor edi. 1870 yillarda mexanik ip yigiruv uskunalari mavjud bo‘lib, 1913 yildayoq taraqqiyot cho‘qqisiga chiqqandi.

Mutaxassislar yapon taraqqiyoti asosini uch omilga bog‘lashadi: birinchisi, yevropalik olimlar salohiyatidan unumli foydalanishdi. Ikkinchisi, yapon tiliga tarjima qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yildi. Uchinchisi, yapon yoshlari xorijga o‘qishga yuborildi.

1877 yillardayoq Yaponiyada oliy o‘quv yurtlari bor edi. 1897 yilda Kioto universiteti ochildi, 1900 yilga keliboq qizlar uchun ingliz tili fakulteti ochildi (Ra'fat G‘unaymiy «Tarixu asiya alhadis val mu'asir»).

O‘n to‘qqizinchi asr o‘rtalarida yapon erkaklarining yarmi, ayollarning 15 foizi o‘qish va yozishni bilgan. Bu ko‘rsatgich o‘sha davrlarda eng yaxshi natija hisoblangan. Yaponiyada dastlab olti yillik majburiy ta'lim, so‘ngra besh yillik o‘rta ta'lim, so‘ngra uch yillik oliy ta'lim yo‘lga qo‘yishdi.

Mana shu ma'lumotlar yaponlarning qanday qilib ikkinchi jahon urushidan keyin qisqa fursatda o‘zlarini o‘nglab olganlarini tushunishimizga yordam beradi. Urushdan keyin yaponlar yana o‘qishga kuch berdilar. 1955 yilda 50 foiz yoshlar kollejlarda ta'lim olardi, 1970 yillarga kelib 90 foiz yoshlar oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.

Yapon o‘qituvchilari talabalarga chin yurakdan dars berardi. O‘qituvchi shunchaki dars o‘tib bermasdi, balki talaba darsni puxta o‘zlashtirishini o‘zning vazifasi, deb bilardi.

Yaponlar o‘n to‘qqizinchi asrdan beri texnologiya ixtirolariga intilib keladi. Bugungi kunda dunyo bozorida yapon texnologiyasining mavqei hech kimga sir emas. 1969 yilda video kasseta, 1979 yilda pleer, 1980 yilda SD, 1995 yilda DVD ixtiro qilindi.

1991 yildan beri yapon bolalari 100 foiz maktabga chiqadi, 2004 yildan beri 100 foiz kollejlarda o‘qiydi. Yaponlarning 58 foizi internetdan foydalanadi, har million nafar yapondan 5287 nafari ilmiy ish bilan shug‘ullanadi. Yaponiya hukumati yalpi ichki mahsulotning 3 foizini ilmiy ishlarga sarflaydi. Bu 4 trilliondan AQSh dollaridan ortiq mablag‘ degani. 

Yapon eksportining 24 foizi texnologik uskunalar hisoblanadi. Yuqoridagi ma'lumotlardan yaponlar faqat ilm-fan orqali oyoqqa turganin anglab olish mumkin.

Shubhasiz, bunda o‘rnak oluvchi aql egalari uchun ibrat bor.

Reklama
Reklama