Kategoriya: Hikoyalar
Yigitning lafzi
Ancha vaqtdan beri to‘yga taraddud ko‘rayotgan Murod tez-tez internetdan ob-havo xabarlarini kuzatib turgani uchun shu kunlarda havoning sovishi va atrofni qor qoplashi haqidagi xabarni o‘qidi-yu, tinchi buzildi. Ikki haftalar oldin qo‘shni qishloqdagi Mamatqul cholning uyini ko‘tarib, ikki tomini sozlab bergan edi. Chol «Pulini ikki-uch kunda to‘g‘rilab beraman», deganiga ham bir hafta o‘tdi. «Ertalab turaman-u, choldan pulni olib, bozorliklarni qilib, to‘yni tezlashtirib yuboraman. O‘zi xatna to‘y bo‘lsa, guruch-yog‘ni allaqachon olib qo‘yganman, bir amallarmiz-da qolganini», degan xayol bilan Murod uyquga ketdi. Boshida tashvishi bo‘lgan odam uxlay olarkanmi? Hali xo‘roz qichqirmasidan uyg‘onib ketgan Murod hamma narsani hisob-kitob qilgach, Mamatqul choldan olingan pul ham to‘y xarajatlariga yetmasligini his qildi. Uyda turgan bittagina sigirni ham sotishni xayoliga keltirdi-yu, ichidan nimadir uzilganday bo‘ldi…
— Ha, bolam, qayoqqa otlanding? — dedi o‘g‘lining tong azondan shoshgancha ko‘chaga chiqib ketayotganini ko‘rgan ona.
— Mamatqul bobonikiga, ona. Beradigan pulini olib, bozorga chiqib kelay. Shu haftalarga qor bor deyishyapti.
— Shu yil to‘y qilmasang, birov seni ayblarmidi?
— Ayblaydi, ona, ayblaydi! Erta bahordan beri hammaga to‘y qilaman deb gapirib yuribdi. Ko‘chadagi tanigan ham, tanimagan ham so‘raydi «To‘y qachon?» deb, ena, — gapga aralashdi sigir sog‘ish uchun chelakni ko‘tarib og‘ilxona tomon ketayotgan kelin.
— Senga kim gapga aralash dedi? — deb Murod xotiga qarab ovozini ko‘taribroq gapirdi. — Obro‘ nimaligini bilasanmi, o‘zi?! Senga qolsa, bir kishi ostonangdan xatlamasa, dasturxoningdan non yemasa.
— Nega unday deysiz? — dedi xafalangan ayoli. — Men ham sizni o‘ylayapman. Tinim bilganingiz yo‘q erta bahordan beri shu to‘yni deb. Ana, hamma kichikkina qilib o‘tkazyapti. Hozir birov birovga ta'na qiladigan zamonmas-ku?!
— Bo‘ldi, borsang borib kelaqol, qutulsak, qutulaylik shu to‘y tashvishidan, — dedi onasi, nihoyat.
Murod eshik tomon ketar ekan, bir nima esiga tushganday orqasiga shart o‘girildi-da:
— Nargiza, — dedi xotiniga. — Ola sigirning u yoq-bu yog‘iga qarab qo‘y. Pul yetmaydiganga o‘xshaydi…
Murodning bu gapiga na ona, na xotini qarshilik bildira oldi…
Mamatqul bobodan pulni olib qaytayotgan Murod Jamshid dallolni ko‘rib suyundi. «Ishim o‘ngidan kelyapti, kasalning tuzalgisi kelsa, tabib o‘z oyog‘i bilan keladi, deganlari shu bo‘lsa kerak», o‘yladi ichida.
— Ha, uka, buncha shoshib yuribsiz? — dedi Jamshid salom-alikdan so‘ng.
— To‘y taraddudida yuribman, aka.
— Qachonga endi to‘y?
— Bugun bozorga chiqib kelay-chi? Keyin kattalar bilan maslahatlashib…
— Nasib qilsa o‘tamiz biz ham.
— O‘zingiz bosh bo‘lasiz-da, aka.
— Albatta.
— Aka, bitta maslahatli ish bor edi. Shu-u, to‘yga biroz yetishmayroq turibdi…
— Ey, to‘yonaga biz tayyor-da.
— Yo‘q, sigirni sotmoqchi edim. Bilasiz, to‘yning o‘zi bo‘lmaydi.
— Mayli, sening moling ishonchli, o‘zim ola qolaman. Nabirali bo‘lganmiz.
Ikkalasi yo‘lda u yoq-bu yoqdan gaplashib Murodning uyiga ham yetib kelishdi. Jamshid og‘ilxonada turgan sigirni ko‘rib, oladigan bo‘ldi.
— Yana aynib qolmang, uka. Bu safar foyda uchun olmayman molni. O‘zim uchun olyapman, — dedi baylashib chiqib ketar ekan Jamshid.
— Yo‘g‘-a, aka, unaqa nomardlardan emasmiz. Lafzimiz halol!..
* * *
Bozordan charchab qaytgan Murod xotinidan «Jamshid aka sizni so‘rab keldi», degan gapni eshitgach, yana ko‘chaga otlandi.
Murod Jamshiddan kelishilgan pulni olib, uyiga qaytayotgan paytda allaqachon qorong‘i tushib qolgan edi. Yigit yo‘lda ulfatlariga duch keldi.
— Ha, jo‘ra, to‘y boshlabsan… — dedi Maqsud. — Maslahatgayam chaqirmaysan, ayrilganni… — chirt etib yoniga tufladi u, — ayiq yer.
— Mana, endi kelyapman-da maslahatga, — dedi Murod ham do‘stining kinoyasini payqagan bo‘lsa-da, asabini buzishni istamay.
— Qaerda qilamiz maslahatni? Sen ham bir erkakka o‘xshab, choyxona-poyxonaga chaqirsang ekan yo ko‘chada qilaveramizmi o‘tirvolib? — kulgancha gapirdi Maqsud. Kulgiga yonidagilar ham qo‘shildi.
— Yuringlar, sigirni sotgandim, bir otamlashamiz, bir yog‘i to‘yning maslahati, — dedi Murod.
— Er kishi degani mana bunday bo‘libdi, — dedi Maqsud.
Do‘stlar choyxonaga kelishdi. Murod yigitlarning oldida boshi egilishini istamadimi, harqalay, ular aytgan hamma narsani buyurdi. Bu savil ichkilik degani, shunday narsaki, uni bir boshlasang, to‘xtatib qolishing qiyin. Boshida kam-kamdan ichayotgan Murod mast bo‘lib qoldi.
— Sigirimni sotdim, dedingmi? — savol berdi Maqsud.
— Ha, bugun Jamshid dallolga sotdim.
— Jamshid deysanmi, — aytayotgan odami Maqsuddan ancha yosh katta bo‘lishiga qaramasdan, atay o‘zini ko‘rsatmoq niyatida «aka» so‘zini qo‘shmay so‘zladi yigit, — bozorga olib chiqsang bo‘lmaydimi shunga sotmasdan. Ustiga qo‘yadi-yu, falon so‘mga sotadi keyin.
— Yo‘g‘-a, uyiga olib qolarkan.
— Sotuvchining aytari shunday bo‘ladi. Ishonmasang, ertaga bozorga chiqib ko‘r. Sendan olganini ikki baravariga sotadi u nomard. Aslida, mana shundaylarni ham sudxo‘r deyish kerak. Ular ham ustiga pul qo‘yadi-ku!
— Hay, mayli… Insofni o‘ziga bersin, — dedi Murod.
— Sen unday dema, — gij-gijlashda davom etardi Maqsud. — Haliyam kech emas. Borib qaytarib olsang bo‘ladi.
— Lekin o‘rtada lafz bor-da.
— Ey, lafz deysanmi? Hozir odamlarda lafz qolibdimi?
Do‘stining gaplari miyasiga urib, Murodning ichida g‘alayon ko‘tarilayotgan edi.
— To‘y boshlab qo‘ygan odamniyam aldaydimi? Sen o‘zing lapashangsan-da! — dedi Maqsud. — Agar men bo‘lganimda…
Uning bu so‘zlari Murodning g‘ururiga tegib ketdi:
— Og‘zingga qarab gapir, jo‘ra!
— Rosti-da, Jamshid ham kimni aldashni biladi.
Murod nima deyayotganini o‘zi ham fahmlamay gapirayotgan yigitning gapiga javob qaytarishga ojiz edi. Shuning uchun sotilgan sigir pulidan bir dasta oldi-yu, indamasdan turib, choyxonachiga tashlab, chiqib ketdi. Yo‘lda ketar ekan, uning oyog‘i chalkashar, shuning barobarida chigallashib borayotgan xayollariga ham egalik qilolmayotgan edi. «Men lapashang emasman, erkakman», degan jumla uning butun vujudini kemirayotgan edi. Bir qarasa, Jamshidning uyi qarshisida turibdi. Istak mast odamni-da ko‘zlagan nuqtasiga olib kelishini shundan ham bilish mumkin.
Yigit eshikni asabiy taqillatdi. Ichkaridan «Kim?» degan ovozga «Men, Murodman!» deb javob berdi-yu, eshik ochilguncha yana taqillataverdi.
Yarim kechasi kelgan mehmonning avzoyidan hayratda qolgan Jamshid uni ichkariga taklif qildi.
— Tinchlikmi?!
— Tinchlikmas, tinchlikmas, — bitta gapni ikki-uch marta qaytarardi tili aylanmayotgan Murod. — Sen hali meni yosh bola qildingmi? Bilib qo‘y, men ham erkakman, erkak, — ko‘ksiga mushtladi u. — Mana, ol pulingni, men sadaqaga zor emasman. Sendaqalarning yuztasiga sadaqa berishga yetadi kuchim. Sigir ham senga sadaqa.
Jamshid gapirish uchun og‘iz juftladi-yu, yigitga ayni paytda so‘z aytish befoydaligini bilib, indamadi. Murod esa nimalarnidir aljiragancha yo‘lida bazo‘r ketardi.
* * *
Ertalab zo‘rg‘a ko‘zini ochib hovliga chiqqan Murod ola sigirning uyda bog‘log‘liq turganini ko‘rib, oqshom nimalar bo‘lganini bir-bir xayolidan o‘rkazdi. Aslida, o‘zining haqiqiy erkakligini ko‘rsatib qo‘yish niyatida qilgan bu ishi nomardniki ekanini angladi. Biroq kech edi. Qorong‘i tushgancha uyda ivirsib yurdi. Bo‘layotgan voqealardan hayron onasi va ayolining savollariga «Hech narsa», deb javob qaytarar, agar ular davom etaversa, bisotidagi bor achchiq so‘zlarini sochmoq niyatida edi. Biroq ona va kelin Murodning bu niyatini fahmlagandek, indashmadi.
Ertasi kuni sigirni sotish niyatida ko‘chaga otlangan Murod qorning uchqunlayotganini ko‘rib, yuragi bir uvishdi. Ko‘chada ketib borar ekan, Maqsudga duch keldi.
— Ha, jo‘ra, o‘tgan kungi ziyofat ja zo‘r bo‘ldi-da, — dedi do‘sti u bilan salomlashgach. — Bugun ham… — sigirga ishora qildi bo‘lib o‘tgan voqealardan baxabar Maqsud, — ziyofat yerkanmiz-da.
Murod taxta bo‘lib qotib qoldi. Hadeganda jo‘rasidan javob bo‘lavermagach, Maqsud yana eski usulini qo‘lladi:
— Ey, erkakmisan o‘zing? Bitta ziyofatdan qochasanmi?..
Ayni vaqtda Murodning qulog‘iga bu gaplar kirmayotgandi.
«Axir puldan ishlatgan edim-ku. Endi uni qaysi yuz bilan qaytarib olib boraman?» deya savoliga javob kutib osmonga qaragan Murod qorning kuchayganini ham his etmayotgandi. Uni ayni paytda o‘z lafzsizligi qiynayotgan edi.
KO'P KO'RILGAN
3-sinf yangi elektron darsliklar
17 sen, 2022
7-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022
9-sinf yangi elektron darsliklar
18 sen, 2022