Kategoriya: Hikoyalar

Yo'qolgan sirg'a bir necha yildan keyin topildi


Bu voqeaga bir necha yillar bo‘lib ketgan...

Bir necha yil avval tog‘amni ayollari - kelinoyim qizlariga kiyim – bosh qilish uchun Qo‘qon bozoriga olib tushganlar. Uyga qaytgach qizining bir poy sirg‘asini yo‘qligini bilganlar, jiyanim anchagina yosh, tushib qolganini ham sezmagan.

Tog‘am qizining tug‘ilgan kunlariga olib kelgan edilar-a, judayam chiroyli, bejirim, ko‘zlari brilliant edi, nailoj... Yo‘qolgan narsani topib bo‘larmidi...

Bu voqiyaga bir necha yil bo‘ldi.... Balki 6, balki 8 yil bo‘ldi, anig‘i esimda yo‘q... Yo‘qolgan sirg‘a deyarli hammaning esidan chiqib ketdi. Bu yillar orasida necha sirg‘a, necha uzuklar olindi. Bu yillar ichida necha bor kelinoyim bozorga tushib, nimalar xarid qilmadi deysiz...

Yaqinda kelinoyim o‘sha sirg‘asini yo‘qotgan qizlariga kiyim olish uchun, yana bozorga borishgan... “Rosa bozor aylandim, hech bir ko‘ylak yoqmaydi. Bir aylangan, bir ko‘rgan qatorlarni ikki marta ko‘rib chiqdimmi, uch marta ko‘rib chiqdimmi bilmayman, yuraverib, aylanaverib charchadim... Va nihoyat, rastalar oralab yurib ketayotib, chiroyli bir ko‘ylakka xaridor bo‘ldim. Savdogar yigit bilan ko‘ylak narxini tortishgan sarim, yigit menga boshqacharoq qaraganini seza boshladim.”

Har bir insonni o‘ziga xos so‘zlashuvi, o‘ziga xos shevasi bo‘ladi. Kelinoyimda ham shunday, tez-tez gapiradilar, gaplari samimiy, tabassumlari har qanday odamda iliq taassurot qoldiradi.

“Ha, uka, judayam pastga urib yubordimmi? – dedim savdogar yigitga. Yigit “Yo‘g‘ee, uzr kelinoyi. (Qo‘qon bozorlarida, umuman olganda Qo‘qonda begona ayolni kelinoyi deb murojaat qilish odatiy hol) kelinoyi mabodoo bir necha yil avval, bozorga kelganda sirg‘a yo‘qotmaganmisizlar?” Ham hayratim oshib, ham xayron bo‘lib, ham judayam shoshib sotuvchi yigitga “Hada, ha yo‘qotganmizda, qizimning brilliant ko‘zli, chiroyli sirg‘asini yo‘qotganmiz” deb yuboribman. Yigit “Kelinoyi, xayriyatee, topildingiz” dedi tabassum bilan. “Eslasangiz, qizingizga bizdan bir ko‘ylakka xaridor bo‘lib, kiydirib ko‘rgansiz, keyin ko‘ylak sizlarga ma'qul kelmagan edi. O‘shanda kuylakka sirg‘a ilinib qolgan ekan, sirg‘angiz uyda turibdi.”

Sizlarga bu bo‘lgan voqiyani qanchalik yetkaza oldim, bilmayman, lekin kelinoyim bizga aytib berar ekan, yo‘qolgan sirg‘ani topilganidan emas, oramizda shunday diyonatli insonlar borligidan yuragimda boshqacha bir hissiyot paydo bo‘lgan, ko‘zlarimga yosh kelgan edi. Hali hamon o‘sha voqea esimga tushsa, ko‘nglim xuzurga to‘ladi.

Balki o‘sha sotuvchi yigit druzyalarim orasida bordir, balki o‘sha yigit ham bu hikoyani o‘qir.... Umid qilaman.... Do‘stlarim orasidan siz borsiz...
Diyonatingiz uchun, insof va kuchli iymoningiz uchun, birovni haqqidan qo‘rqib, Allohdan qo‘rqib begona, umuman notanish insonlarni buyumini omonat bilganingiz uchun Sizdan Alloh rozi bo‘lsin...

©️ Malika

Reklama
Reklama